O‘zbekiston –millatlararo totuv mamlakat
Mamlakatimizda O‘zbekiston va Tatariston xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan Toshkent shahar tatar jamoatchilik madaniy-ma’rifiy ta’lim markazi tashkil topganining 30-yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarning oxirgi kunida “Turkiston” San’at saroyida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasining mas’ul xodimlari, milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari, Tatar jamoatchilik madaniy-ma’rifiy ta’lim markazi a’zolari va jurnalistlar to‘planishdi.
San’at saroyi foyesida O‘zbekiston xalq ustalarining tasviriy va amaliy san’ati ko‘rgazmasi, tatar mualliflari kitoblarining ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mehmonlar tatar xalqining boy va betakror milliy madaniyati, urf-odatlari va an’analari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Tatar milliy libosini kiygan yosh yigit-qizlar namoyishga qo‘yilgan har bir buyumning nima maqsadda ishlatilishini mehmonlarga tushuntirib berishdi.

Tatar jamoatchilik madaniy-ma’rifiy ta’lim markazi raisi Rishat Nabiullin bayram tadbirlarini o‘tkazishda ko‘rsatgan yordami uchun mamlakatimiz rahbariyati, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimiyatiga tatar millatining barcha fuqarolari nomidan minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston tatarlari bundan keyin ham mamlakat ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishini qayd etdi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov to‘planganlarni samimiy tabriklab, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Tatar jamoatchilik madaniy-ma’rifiy ta’lim markaziga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi va markaz faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston va Tataristonning o‘tmishi va hozirgi kuni mustahkam aloqalar bilan uzviy bog‘langan. Tarixning turli bosqichlarida xalqlarimiz har xil sohalarda hamkorlik qilib kelganining o‘zi ham, tanlangan yo‘ldan og‘ishmay borish imkonini beradi, - deyiladi murojaatnomada.

Toshkent shahar tatar jamoatchilik madaniy-ma’rifiy ta’lim markazi tashkil topganining 30-yilligi munosabati bilan hamda yurtimizda istiqomat qilayotgan elatlar o‘rtasida millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun markazning bir guruh faollari “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, markazning bir guruh faollariga Tatariston Prezidentining ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlari ham topshirildi. Mukofotlarni egalariga Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Vasil Shayxnazarov topshirdi.
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oleg Malginov ham kecha ishtirokchilarini tabrikladi va markazning bir guruh faollariga elchixonaning faxriy yorliqlarini topshirdi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, tantanali marosim “O‘zbekiston – millatlararo totuv mamlakat” nomli gala-konsert bilan yakunlandi. Bayram dasturida kuy qo‘shiqlari yangrab, xalq raqslari ijro etildi
Tashkil etilgan ushbu tadbirlar O‘zbekiston zaminida millatlararo totuvlik, do‘stlik va tinchlikni mustahkamlash va rivojlanishtirishga xizmat qilishi shubhasiz. Ushbu tadbir mamlakatimizda barcha xalqlar va elatlarning urf-odatlari, an’analarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini yana bir bor tasdiqladi. Hamyurtlarimizning barchasi ham o‘zlarini O‘zbekistonning sevimli va yagona Vatani deb biladi!
N. Usmonova, O‘zA