O‘zbekiston metallurgiya kombinatining Quyuv-prokatlash majmuasi ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari kombinat jamoasi, mehnat faxriylari va xorijiy hamkorlarni ushbu muhim voqea bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda kon-metallurgiya sohasini yangi texnologik bosqichga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan o‘n yilda sohaga qariyb 2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani natijasida tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalarning soni 150 tadan oshdi.

Shu davrda mahalliy metall mahsulotlari ishlab chiqarishning yillik hajmi 3 million tonnaga, qiymati esa 23 trillion so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun 2016-yilda 1,5 trillion so‘mlik 800 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilgan.

Prezidentimiz metallurglar mehnati Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaratish, yirik bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilga borib, 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 180 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 27 milliard dollarlik ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish rejalashtirilgan.
Bunday ulkan marralar metall mahsulotlariga bo‘lgan talabni hozirgiga nisbatan 1,5 barobar oshiradi.

Shu ma’noda, 5,5 ming nafardan ziyod ahil va fidoyi mehnat jamoasiga ega O‘zbekiston metallurgiya kombinatining alohida o‘rni borligi qayd etildi.
Yangi Quyuv-prokatlash majmuasi kombinatda energiya tejamkor texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va mahsulot sifatini oshirishda yangi davrni boshlab beradi.

Mazkur majmua mamlakatimizda issiq prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi loyiha sifatida tarixdan joy oladi.
Uning ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 trillion so‘mlik 1 million tonna issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi. Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi. Shuningdek, 1 ming 200 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari majmuani barpo etishda ishtirok etgan quruvchi va muhandislar, texnolog va mashinistlar, ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari hamda xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston metallurgiya kombinatini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar ham belgilab berildi.
Kombinatning xomashyoga bo‘lgan talabini mahalliy resurslar hisobidan ta’minlash eng ustuvor vazifa bo‘lishi ta’kidlandi. Mamlakatimiz hududlarida 1,5 milliard tonna temir rudasi zaxirasi mavjud.
Yaqin uch-to‘rt yilda “Tebinbuloq” konini ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

“Surun-ota” konidagi ma’danlarni boyitish natijasida esa yiliga 600 ming tonna temir xomashyosi olish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu xomashyoni qayta ishlash uchun kombinatda qiymati 180 million dollarlik zamonaviy metallurgiya zavodi qurilishi boshlanadi.
Kelgusi uch yilda 30 million dollar investitsiya hisobiga po‘lat sharlar ishlab chiqarish liniyalari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 250 ming tonnadan 500 ming tonnagacha oshiriladi.
Shuningdek, kombinat hududida “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” tashkil etiladi.
Prezidentimiz metallurgiya og‘ir, ammo sharafli soha ekanini ta’kidlab, kombinat ishchi-xodimlarining mashaqqatli va fidoyi mehnati yuksak hurmat hamda tahsinga sazovorligini qayd etdi.
Salkam bir asrlik tarixga ega kombinatda ustoz-shogird an’anasi asosida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilimi, tajribasi va kasbiy salohiyati ko‘plab mehnat jamoalari uchun chinakam namuna ekani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, Quyuv-prokatlash majmuasi faoliyatiga start berdi.
Soha faxriylari, kombinat xodimlari hamda xorijiy hamkorlar bilan muloqot qilindi.