O‘zbekiston ma’rifiy salohiyatining ko‘zgusi
Mamlakatimizda boshlangan Madaniy meros haftaligi yurtimiz va chet el olimlari, mutaxassislari, muzeyshunos va noshirlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Bunday qiziqishning asosiy sababi shuki, boy madaniy merosni mukammal o‘rganish, turli sabablao bilan xorijga chiqib ketgan madaniy-ilmiy manbalarimizni kengroq tadqiq etish, ularning aqalli faksimile nusxalari haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lish borasida boshlangan ezgu tashabbuslar o‘zining hayotiy ifodasini topmoqda.
"O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans poydevori" mavzusidagi V xalqaro kongress ishtirokchilarining fikri ham ayni fikrlarni yana bir bor tasdiqlamoqda.

Sharlotta Kramer, Avstriyadagi
"Mueller&Schindler" nashriyot-uyi direktori:
–- O‘zbekiston o‘zining boy tarixi, bebaho madaniyati va san’ati bilan jahonga nom qozongan mamlakat. Mana bir necha yildirki, bu tabarruk yurtda qadimiy merosni mukammal o‘rganish bo‘yicha ko‘plab amaliy qadamlar tashlandi. "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" ma’rifiy loyihasining samarali amalga oshirilayotgani, loyiha doirasida nashr etilgan kitob-albomlar muzey va kutubxonalar, o‘quv maskanlariga bepul topshirilayotgani uning nechog‘li insonparvar g‘oyaga asoslanganidan darak beradi.
Akbar Hakimov,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, san’atshunos olim:
–- Madaniy merosni o‘rganishga bag‘ishlangan ushbu xalqaro kongress ilmiy tadqiqot markazlari, kutubxonalar, ma’rifiy muassasalar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Madaniy merosga oid forum va, umuman, bu haftalik doirasidagi tadbirlar bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan uzviy bog‘liq. Shu tadbirlar orqali ham dunyo yangilanayotgan O‘zbekiston qiyofasi bilan tanishishga muvaffaq bo‘lmoqda. Mamlakatda kechayotgan yangilanishlar jarayoni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi faoliyatida, ilmiy doiralarning , olim va tadqiqotchilarning qo‘llab-quvvatlanayotganida o‘z ifodasini topmoqda.
Peri Benedikt,
Vengriya sharqshunoslik instituti direktori:
– O‘zbekiston madaniy merosi Yevropa mamlakatlarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Keyingi yillarda O‘zbekiston hamda Vengriya o‘rtasidagi madaniy, ilmiy-ma’rifiy aloqalar tobora kengayib bormoqda. Qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganish katta qunt, bilim, sabot, vaqtni talab etadi. O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan mazkur kongress bu boradagi tadqiqotlar qamrovining kengayishiga xizmat qilmoqda.
Baybolat Abitov, qirg‘izistonlik olim:
– Madaniy merosni o‘rganishga oid bu kongress bejiz O‘zbekistonda o‘tkazilmayapti. Negaki, O‘zbekiston azaldan ilm-fan, madaniyat, ma’rifatning chorrahasigina emas, balki o‘chog‘i, markazi bo‘lib sanalgan. O‘tgan o‘ttiz yil mobaynida mamlakatingizning turli sohalarida qo‘lga kiritilgan yutuqlari barcha jabhalarda ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Mazkur kongress har bir tadqiqotchiga o‘z fikr va mulohazalarini bildirish, qo‘lyozma va tarixiy manbalar tadqiqoti bo‘yicha eng so‘nggi yangiliklar bilan bafurja tanishish imkonini beradi. Shu bilan birga, mazkur ma’rifiy loyiha O‘zbekiston ilmiy salohiyatining ham ko‘zgusidir.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.