Har bir mamlakatning taraqqiyotida, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishida uning tashqi aloqalari muhim sanaladi. Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida nufuzi ortib borishida ham xorijiy davlatlar bilan aloqalarning tobora mustahkamlanayotgani alohida e’tiborga molik.
Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham uzoq tarixga ega. Xususan, bu hududda islom ma’rifatining tarqalishida O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk allomalar va ularning ma’naviy merosi katta o‘rin tutadi.
Go‘zal yurt, mehmondo‘st odamlar...
Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar, imzolangan hujjjatlar natijasida tarixiy aloqalar yanada rivojlanmoqda. Jumladan, ilmiy-ma’rifiy sohalarda ham ikki tomonlama hamkorlik tobora kengaymoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Malayziyadagi bir qator muzeylar, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy maskanlar, olim va mutaxassislar bilan hamkorlik qilib keladi. O‘tgan yili O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida Malayziya Islom san’ati muzeyida mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil qilingani, avgust oyida Toshkent va Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro kongressda malayziyalik bir qator olimlar ishtirok etgani ham fikrimizning dalilidir.

Malayziyaliklar O‘zbekistonga har doim katta ehtirom bilan yondashadilar. Malayziya aholisi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan tarkib topganiga qaramay, mamlakat hayotiga, islomiy qadriyatlar chuqur singib ketgan. Bu mamlakatning turli shahar va qishloqlarida o‘ziga xos me’moriy yechimga ega masjidlar, tarixiy yodgorliklarni ko‘plab uchratish mumkin.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Malayziyaga bu galgi safari ham sermahsul bo‘ldi. Safar davomida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari, muzeylar va kutubxonalarda yurtimizdagi bunyodkorlik ishlari, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari targ‘ibotiga bag‘ishlangan taqdimotlar, ilmiy-amaliy uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Malayziyadagi javohirlarimiz...
Kuala-Lumpurdagi Malayziya Islom san’ati muzeyini mamlakatning o‘ziga xos tashrifnomasi, deyish mumkin. Ushbu muassasa asosichisi va rahbari Sayid Muxtor al-Buxoriyning ajdodlari ham yuz yillar muqaddam Vatanimizdan borib, shu zaminda o‘rnashib qolishgan. Sayid Muxtor janoblari bugungi kunda mamlakatning taniqli tadbirkorlaridan biri, ayni paytda ilm fan va madaniyat shaydosi.
Malayziya Islom san’ati muzeyi Kuala-Lumpurdagi eng yirik muzeylardan biri bo‘lib, unga 1998 yilda asos solingan. Muzeyning doimiy ekspozitsiyasiga Qur’on va qadimgi qo‘lyozma manbalar, kulolchilik, qurol-aslaha, kiyim-kechak, zeb-ziynat va javohirot, keramika va numizmatikaga oid kolleksiyalar kiradi. Ularning alohida qismini O‘zbekiston hududida yaratilgan san’at buyumlari tashkil etgan.

Muzey mutasaddilari bilan O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida maxsus kitob-albom ham tayyorlanmoqda.
“Malayziya Islom san’ati muzeyi to‘plami” deb nomlangan mazkur jildda muzeydan o‘rin olgan, O‘zbekiston madaniy merosiga aloqador tarixiy eksponatlar haqida so‘z boradi. Kitob-albomni tayyorlashda muzey mas’ul xodimlari – doktor Xeba Nail Barakat, Nurul Imon Rusli va Amira Salleh yaqindan yordam berishmoqda.
Imom Buxoriy haqida serial yaratiladi
Bugungi kunda Malayziya kinosi jahon ekranlari va kino muxlislari e’tiborini tobora ko‘proq zabt etayotir. Ayni paytda ikki mamlakat kinoijodkorlari o‘rtasida ham hamkorlik ancha yillardan beri davom etib kelmoqda. Malayziya kino sanoatini rivojlantirish milliy korporatsiyasi bosh direktori Azmir Mutallib bilan uchrashuv chog‘ida ham bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” dasturi doirasida bir qancha allomalarimiz, Vatanimiz o‘tmishida katta o‘rin tutgan tarixiy shaxslar haqida filmlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Bu dasturni amalga oshirishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi zimmasiga ham bir qancha vakolat hamda vazifalar yuklatilgan.
Mazkur uchrashuv chog‘ida buyuk muhaddis Imom Buxoriy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan 30 qismli serial suratga olish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Serial ssenariysi ikki mamlakat kinoijodkorlari hamkorligida tayyorlanadi, suratga olish ishlari ham o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilishi kutilmoqda.

Malayziyaning TV-Al-Hijrah davlat islom telekanali ijrochi direktori Nadzaria Muhammad bilan uchrashuv ham juda qiziqarli va foydali kechdi. Malayziyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Malayziya haqida qiziqarli ko‘rsatuvlar, videokontentlar, filmlar yaratish lozimligi ta’kidlandi.
–O‘zbekistondagi tarixiy obidalarga Malayziyada katta qiziqish bilan qaraladi, – dedi uchrashuv chog‘ida Nadzaria Muhammad. – Telekanalimizda joriy yilning Ramazon oyidan Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va amalga oshirilayotgan ulkan loyihalar, O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolar va buyuk allomalar ilmiy-ma’rifiy merosiga oid har kuni bittadan ko‘rsatuvni efirga uzatib borishni rejalashtirganmiz. Ramazon oyi arafasida O‘zbekistonga suratga olish guruhi yuborilishi kutilmoqda.
“Har ikki tomon uchun manfaatli”...
Safar asnosida Malayziyadagi Islom sivilizatsiyasi institutida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan chop etilgan nashrlar, kitob-albomlar taqdimoti o‘tkazildi. Birgalikda ilmiy anjumanlar tashkil qilish, xodimlarning malakasini oshirish, tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-ma’rifiy nashrlar va medialoyihalar yaratish borasida hamkorlikdagi ishlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Kuala-Lumpur shahridagi Malayziya Islomni anglash instituti bosh direktori Muhammad A’zam bin Muhammad Adil bilan uchrashuv ham esda qolarli kechdi.
1992 yida tashkil qilingan ushbu xalqaro institut Islom tarixi va madaniyati, musulmon olimlarining jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi, islom mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi.
Institutda tashkil etilgan uchrashuv chog‘ida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimiz tarixi va madaniy merosi, Islom sivilizatsiya markazi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Malayziya munosabatlari, ikki mamlakatning mushtarak tarixi va madaniy merosi, bugungi islom olamida ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash haqida so‘z bordi. Muzokaralar doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida filmlar yaratish va ularni Malayziyadagi mediaresurslar orqali yoritib borish xususida ham kelishib olindi.
–O‘zbekiston qadimiy sivilizatsiyalar va buyuk allomalar vatani, – dedi biz bilan suhbat asnosida Muhammad A’zam. – Ushbu zaminda yashagan mutafakkirlar, yaratilgan asarlar nafaqat islom dunyosi, balki jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shganini yaxshi bilamiz. Umid qilamizki, o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash har ikki tomon uchun manfaatli bo‘ladi.
Qadimiy qo‘lyozmalar nusxasi Vatanimizga qaytdi...
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Malayziya Islomni anglash instituti kutubxonasiga “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” hamda “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” turkumidagi kitob albomlarni hadya qilishdi.
O‘tgan yilning dekabr oyi boshlarida Malayziya Islomni anglash instituti kutubxonasidan O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalar aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Qo‘lyozmalardan biri, bu alloma Abu Rayhon Beruniy qalamiga mansub bo‘lgan "At-Tafhim" asaridir. Samo jismlarini o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan bu asar 1197 yilda ko‘chirilgan. Ikkinchi qo‘lyozma Abulqosim Firdavsiy "Shohnoma"sining o‘rta asrlarda ko‘chirilgan nusxasidir. Qo‘lyozma nasta’liq xatida temuriylar kitobat san’atiga xos uslubda ko‘chirilgan bo‘lib, undan 29 ta miniatyura o‘rin olgan. Ushbu miniatyuralarda Samarqand maktabiga xos unsurlar ko‘zga tashlanadi.
Institut vakillari ushbu nodir qo‘lyozmalarning yuqori aniqlikdagi elektron nusxalarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakillariga taqdim etishdi.
Mazkur fayllar asosida qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari yaratilib, Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi, shuningdek, mamlakatimiz va xorijdagi boshqa ilmiy muassasalar, muzey va kutubxonalarga tarqatish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk allomalar va tarixiy shaxslarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, yurtimizda va xorijda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy meros yodgorliklari atroflicha tadqiq etilmoqda. Markaz vakillarining Malayziyaga qilgan bu galgi safari asnosida turli uchrashuvlar, muloqotlar, ilmiy munozaralar ham ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda alohida o‘rin tutadi.
Rustam JABBOROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi
markazi ilmiy kotibi.
O‘zA