Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi ta’lim tizimi Finlandiyada ekan. Finlandiya Yevropaning rivojlangan mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Fin xalqida shunday shior bor: Bolani yo hayotga tayyorlash kerak, yo imtihonga. Biz birinchisini tanladik”. Bu maktabdan emas, balki maktabgacha ta’lim dargohidan boshlab amal qilinadi.
Zero, bolaning maktabgacha ta’lim muassasasida olgan ilk sabog‘i, ko‘nikmasi, bilimi uning kelajagini belgilaydi. Bu dargohda keyingi ta’lim uchun poydevor qo‘yiladi va shaxsiy fazilatlar shakllanadi. Shu bois barcha ota-onalar farzandini eng yaxshi bog‘chaga berishni istaydi.
Ilg‘or xorijiy mamlakatlarda maktabgacha ta’limga bolani individuallashtirish, uning ijobiy ijtimoiylashuvini psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash uchun zarur dastur sifatida qaraladi. Keling rivojlangan davlatlar maktabgacha ta’lim tizimi, metodikasi bilan baholi qudrat tanishamiz.
Maktabgacha ta’limi dunyodagi eng rivojlangan tizimlardan biri hisoblanadigan Xitoyda bolaning ko‘rish qobiliyatiga, estetik idrok etishiga alohida e’tibor qaratiladi. Fiziologik va aqliy rivojlanishi uchun ajoyib sharoit yaratiladi. O‘qituvchi bolalarda madaniyat va xulq-atvor shakllanishini ta’minlaydi, ularning ijtimoiylashishiga yordam beradi, madaniy xususiyat va an’analarni o‘rgatadi.
Yaponiyada ham maktabgacha ta’lim tizimi juda rivojlangan. Kun chiqar yurtda har bir bolaning iste’dodi va qobiliyatini aniqlashga qaratilgan ko‘plab to‘garaklardan tashqari, barcha bolalar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Bog‘chalarda tibbiyot xodimlari - sog‘lomlashtirish kuratori, farmatsevt, terapevt mavjud. Deyarli, barcha bolalar muassasalarida ta’til paytida foydalanish mumkin bo‘lgan suzish havzasi bor.

Germaniyada esa bolalar sertifikat va testsiz istalgan bog‘chaga bemalol borishi mumkin. Olmon diyorida bog‘chalar karantin sabab yopilmaydi, shunchaki ota-onalar kasallik tarqalishi xavfidan ogohlantiriladi. Sog‘lig‘i, qobiliyati va iste’dodidan qat’i nazar, bir-biri bilan muloqot qilishni xohlaydigan bolalar uchun hech qanday cheklov yo‘q.
AQSHda jismoniy yoki aqliy nuqsoni bor bola oddiy bolalar bilan bir guruhga kirishi mumkin. Bolalar o‘xshash muammoli vaziyatni yengib o‘tishda bir-biriga yordam beradi. Ularga maxsus o‘qituvchilar ajratiladi.
Shveysariya maktabgacha ta’lim tizimi an’analari, o‘qitish sifati va tarixi tufayli Yevropadagi eng yaxshilardan biri maqomini saqlab kelmoqda.
Shvetsiyada maktabgacha ta’lim bolaning umumiy rivojlanishiga qaratilgan bo‘lib, rivojlanish maxsus o‘lchov yoki daraja bilan o‘lchanmaydi. Bolalarni kollektivlashtirishga, ular ongiga atrofdagilarni hurmat qilish ko‘nikmasini singdirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bolalar ob-havo sharoitidan qat’i nazar, ochiq havoda ko‘p vaqt o‘tkazadi.
Latviyada bu soha bolani keyingi ta’limga tayyorlash maqsadini ko‘zlaydi va umumiy ta’lim tizimining bir qismi hisoblanadi. Vengriya va boshqa bir qator Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi maktabgacha ta’lim tizimi ham xususiyatiga ko‘ra Latviyadagidan, deyarli, farq qilmaydi.

Hindistonda maktabgacha ta’lim jarayoni juda qiziqarli kechadi. Bu yurtda bolani kun bo‘yi qoldirish mumkin bo‘lgan maxsus muassasa yoki maktabdan oldin o‘qish mumkin bo‘lgan tayyorgarlik muassasalari mavjud. Hindlar bolani maktabgacha tayyorlash, shuningdek, umumiy bilimni mustahkamlashga urg‘u beriladi.
Meksikada ayni soha ko‘p jihatdan Yevropa va Amerika tizimiga o‘xshaydi. Hamma uchun ochiq bo‘lgan muassasalardagi o‘quv dasturi majburiy, chunki maktabgacha ta’lim muassasalari davlat umumiy ta’lim tizimining bir qismi. Bolalarning shaxsiy rivojlanishiga, ijtimoiylashuviga va hayotda zarur bo‘ladigan muloqot qobiliyatini o‘ziga singdirishga diqqat qilinadi.
E’tibor bering, aksariyat mamlakatlar maktabgacha ta’lim tizimi o‘xshash: asosiy tamoyil - bolani zarur bilim bilan ta’minlash, aqliy va jismoniy rivojlanish uchun maqbul sharoit yaratish.
Turkiya maktabgacha ta’lim dasturi ham Yevropa davlatlaridagidan ko‘p farq qilmaydi. Musiqa, kitobxonlik va savodxonlikka alohida e’tibor qaratiladi. Bolalar doimiy ravishda teatrga, kinoga boradi. O‘qituvchilar tez-tez biror mavzuga oid mashg‘ulot yoki liboslar tadbirini o‘tkazadi. Turkiyada ayrim fanlar bo‘yicha majburiy ta’lim dasturlari yo‘q.
Xorijiy mamlakatlarda maktabgacha ta’lim tizimi pullimi?

Shvetsiyada kam ta’minlangan oilalar farzandlaridan bog‘cha uchun pul olinmaydi, Gretsiyada va Yevropaning yana bir qator mamlakatlarida davlat maktabgacha ta’limi mutlaqo bepul. Xususan, Fransiya, Norvegiya, Shvetsiya, Avstriya, Bolgariyada bog‘chada ota-ona xohishiga ko‘ra tekin ta’lim olish imkoni mavjud. Isroilda ta’lim oyiga, taxminan, 75 shekel, Latviyada 200 lat.
Buyuk Britaniyada turli maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, moliyalashtirish manbasi, ta’lim dasturining maqsadi, mazmuni, imtiyoz va moliyaviy imkoniyatiga ko‘ra, o‘quvchilar kontingenti bilan farqlanadi. Britaniya ta’limi "uchdan beshgacha". Bu jihat davlat darajasida tartibga solinadi. Davlat dasturida uch yoshdan boshlab bolalar uchun bepul maktabgacha ta’lim ko‘zda tutilgan.
Agar ota-ona farzandini xususiy muassasada o‘qitishni xohlasa, xarajat qimmatroq bo‘ladi. Masalan, AQSHda xususiy bolalar bog‘chasida ta’lim yiliga 30 ming dollarga tushishi mumkin. Boshqa mamlakatlarda ham vaziyat shunga yaqin.
Yurtimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida jarayon qanday?
Mamlakatimizda 2018-2021 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 626 374 quvvatga ega nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada 116 267 quvvatga ega 1 154 ta davlat-xususiy sheriklik hamda 510 107 quvvatga ega 19 489 ta oilaviy nodavlat bog‘cha ish boshladi.
Maktabgacha ta’limni rivojlantirishda hududlar, shahar va qishloqlar o‘rtasidagi farqni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xorijiy sheriklar bilan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, innovatsion o‘qitish usullarini joriy etilmoqda.
Yurtimizdagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalari pulli bo‘lib, bog‘chalarga bir bola uchun 246 ming so‘m to‘lov joriy etilgan. Xususiy bog‘chalarda esa 1,5 milliondan 3 million so‘mgacha to‘lov mavjud.

Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni kunlarda Islom taraqqiyot banki hamda Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) hamkorligida jami 53 million dollar miqdorida imtiyozli mablag‘ ajratilishi hisobiga 200 dan ziyod davlat-xususiy sheriklik loyihasi yuzasidan muzokara olib borilmoqda.
Kelishuvga erishilgan taqdirda loyihalar 2023 yildan boshlab moliyalashtirila boshlanadi. 2022 yil davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ta hamda oilaviy shaklda 1 200 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi orqali qo‘shimcha 45 mingdan ziyod quvvat yaratish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi bilan umumiy qiymati 10,9 million dollar miqdoridagi “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini yaratish” asosida 5 350 quvvatga ega 48 ta loyiha moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, maktabgacha ta’lim tizimini samarali tashkil etishga har qanday davlatda ustuvor vazifa sifatida qaraladi. Zero, mutaxassislar fikricha, bola butun umri davomida oladigan bilimning 85 foizini olti yoshga qadar egallar ekan. Ayni shu davr maktabgacha ta’lim tizimiga to‘g‘ri keladi. Demak, bu tizimga har qancha e’tibor qaratilsa ham kam.
Afsuski, hozircha mamlakatimiz maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni yangicha yondashuvlar asosida tarbiyalash jarayoni namunali yo‘lga qo‘yilgan, deya olmaymiz. Masalan, aksariyat bog‘chalarimizda asosiy mashg‘ulotlar hali eskicha usulda o‘tiladi. Qolaversa, bolajonlarning estetik madaniyatini rivojlantirish, ularni san’at, madaniyatga oshno qilib ulg‘aytirish, o‘g‘il-qizlarimizda atrof-muhitga do‘stona munosabatni shakllantirish uchun tabiat qo‘ynida mashg‘ulotlar tashkil etishga, deyarli, vaqt ajratilmaydi.
Xulosa shuki, tizimga xorijiy tajribadan kelib chiqib, yangicha g‘oyalar olib kirish, tarbiyachi o‘qituvchilar bilimi, tajribasini oshirish, dunyoqarashini o‘zgartirish lozim.
Go‘zal Sattorova, O‘zA muxbiri