O‘zbekiston madaniyat kunlari doirasidagi uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Olimjon Mirzayev TURKSOY xalqaro tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Bilal Chakidji bilan uchrashdi.
Anqarada bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda TURKSOYga a’zo davlatlarning madaniy aloqalarini yanada mustahkamlash, madaniyat va san’atning har bir yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashishning samarali tizimini ishlab chiqish kabi masalalar muhokama qilindi.

Turkiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari O.Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Prezident Simfonik orkestrida ham bo‘ldi.

Olimjon Mirzayev mazkur orkestrda tomoshabinlar uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, zamonaviy jihozlar, eng so‘nggi akustik moslamalar, chiroqlar va orkestr jamoasida mavjud imkoniyatlar bilan tanishib, muhim jihatlarini e’tirof etdi.

Turkiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari turli uchrashuv va muloqotlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlarga boy bo‘lmoqda.
N.Usmonova, O‘zA