O‘zbekistonda oliy ta’lim logistika sohasining rivojida muhim o‘rin tutadi. Zamonaviy iqtisodiy sharoitlarda logistika ishlarining samarali amalga oshirilishi uchun mutaxassislarning yuqori darajadagi bilim va malakaga ega bo‘lishi shart. Oliy ta’lim muassasalari talabalarga logistika, tashish, tarkibiy tuzilmalar va ta’minot to‘g‘risidagi asosiy nazariy va amaliy bilimlarni taqdim etadi.
Shuningdek, O‘zbekistonda sohaga oid ta’lim dasturlari va mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan islohotlar, xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimining yaratilishi logistika sohasini rivojlantirishga katta ta’sir ko‘rsatmoqda.
Toshkent davlat transport universiteti Transport tizimlari boshqaruvi fakultetining yoshlar masalalari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Nodir Oripov bilan “O‘zbekistonda logistika sohasining istiqbollari” mavzusida suhbatlashdik.
– Nodir Qodirovich, mamlakatimizda logistika sohasining rivoji qanday omillarga bog‘liq? Bunda oliy ta’limning o‘rni qanday?
– Logistika sohasining ravnaqi ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lib, ular orasida infratuzilmaning rivojlanishi, zamonaviy transport tizimlarining joriy etilishi va raqamli texnologiyalarning integratsiyasi muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda logistik markazlar, yangi terminallar va transport yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda. Bu omillar, shubhasiz, sohadagi ta’lim berish va kadrlar tayyorlash sifatining oshirilishini talab qiladi.
Logistika sohasining rivojida oliy ta’limning o‘rni beqiyos, chunki zamonaviy logistika sohasida mutaxassislar har tomonlama bilimlarga ega bo‘lishi lozim. Oliy o‘quv yurti talabalarga faqat nazariy bilimlarnigina emas, balki muammolarni hal qilish, amaliyotga asoslangan tajribalarni ham berishi zarur.
Oliygohimizda ushbu jihatlar har tomonlama inobatga olingan holda, zamon talabiga monand nazariy, ilmiy va amaliy o‘qitish tizimlari amalga oshirilayotir.Talabalarga mustaqil ishlash, zamonaviy raqamli va texnik muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini berishga katta e’tibor qaratilmoqda.
– Umuman, ushbu soha bo‘yicha sa’y-harakatlar mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillaridan boshlangan. O‘tgan davrda bu borada salmoqli ishlar qilindi. Shu erishilgan natijalar uzviyligida uниверситетда logistika yo‘nalishidagi ta’lim jarayonlari qanday tashkil etilgan?
– Darhaqiqat, O‘zbekistonda logistika sohasi mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. 2000 yillardan keyin logistika sohasi jadal rivojlanib bordi. Yurtimizning xalqaro savdo va tarkibiy tizimlariga bo‘lgan talablar ortib, yuqori sifatli transport infratuzilmasini yaratishga ehtiyoj paydo bo‘ldi.
Davlatimiz logistika sohasiga alohida e’tibor qaratdi va bu iqtisodiy rivojlanish strategiyasining ajralmas qismiga aylandi. Yangi logistika markazlari, terminallar, hamkorliklar va raqamli texnologiyalarning joriy qilinishi ushbu yo‘nalishning samaradorligini oshirishga katta hissa qo‘shdi.
Shu bilan birga, logistika sohasi xalqaro miqyosda rivojlanib borayotgani uchun O‘zbekiston zamonaviy yondashuvlar va yangi imkoniyatlarni joriy etishga intilayotgani ko‘zga tashlanadi. Bugungi kunda logistika faqat transport va tashish sohasi bilan cheklanib qolmay, balki omborlashtirish, ta’minot, raqamli vositalar va avtomatlashtirish kabi keng qamrovli sohalarni ham o‘z ichiga oladi.
Savolingizga kelsak,Toshkent davlat transport universitetida 9 ta fakultet mavjud bo‘lib, ulardan biri Transport tizimlari boshqaruvi fakultetidir.
Transport tizimlari boshqaruvi fakulteti 6 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Ular quyidagilar: “Temir yo‘ldan foydalanish ishlarini boshqarish”, “Yuk tashish transport tizimlari”, “Transport logistikasi”, “Transportning intellektual muhandislik tizimlari”, “Yo‘l harakatini tashkil etish” va “Texnosfera xavfsizligi”.
Har bir yo‘nalishda talabalar yo‘nalishlariga mos ravishda ishlab chiqilgan o‘quv hamda amaliyot dasturlari asosida ta’lim beriladi. Masalan, “Transport logistikasi” va “Yuk transport tizimlari” yo‘nalishlari talabalari asosan avtomobil hamda temir yo‘l transporti logistikasi bo‘yicha mutaxassislik fanlarini o‘qib, ishlab chiqarish amaliyotlarini logistika markazlarida o‘taydilar. Bu, o‘z navbatida, ularga transport logistikasi bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga yordam beradi.
Fakultetimizda hozirgi kunda kunduzgi ta’lim shaklida 1530 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga 100 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi ta’lim beradi. Aytish joizki, har bir yo‘nalish bo‘yicha malakali pedagoglar, shuningdek, sohadagi yetakchi mutaxassislar dars beradi. Bundan tashqari, logistika kompaniyalari bilan hamkorlik qilinadi. Bu esa talabalarning olgan nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatini bermoqda.
– Oliygoh binolarining o‘ziga xosligi, tarixiy ahamiyati va uning hududidagi yashillik har qanday insonning e’tiborini o‘ziga tortadi. Shu o‘rinda, mazkur oliygoh tarixiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Toshkent davlat transport universiteti Prezidentimizning 2020 yil 4 maydagi qaroriga asosan tashkil etilgan. Avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya transporti yo‘nalishlari birlashtirilib, Toshkent davlat transport universiteti shakllantirildi.
Lekin ushbu binoning tarixi 1931 yilga borib taqaladi. Aynan shu yili u O‘rta Osiyo temir yo‘l transporti muhandislari instituti sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik esa Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti deb atalgan. Institut tarkibida 5 ta fakultet mavjud bo‘lgan. Bu institut o‘z vaqtida O‘zbekistonda temiryo‘l tarmog‘ini rivojlantirishda katta o‘rin tutgan.
To‘g‘ri ta’kidladingiz, universitet binolari ham 1931 yilda qurilgan. Uning arxitekturasi, dizayni chindan e’tiborni tortadi. Buni qarangki, biz bu binolardan qariyb bir asrdan buyon unumli foydalanamiz. Vaqti bilan bu yerda muntazam ta’mirlash ishlari olib borilgan va ular zamonaviylashtirilgan.
Universitetimiz hududi ko‘kalamlashtirilgan, ko‘p yillik daraxtlar esa bu yerga o‘zgacha tarovat baxsh etadi.
– Sizning bevosita faoliyatingiz yoshlar bilan bog‘liq. Aytingchi, talabalarning bo‘sh vaqtini unumli tashkil etish uchun fakultet tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Universitetda talabalarning ijod va sportga bo‘lgan qiziqishini qanoatlantirish maqsadida turli tadbirlar tashkil etilib, sport va ilmiy to‘garaklar ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu to‘garaklarga xohish bildirgan har qanday talaba a’zo bo‘lib, unda ishtirok etishi mumkin.
Universitetimizda har yili an’anaviy tarzda “Talabalik bahori” festivali o‘tkaziladi. Bu festival talabalarning ijodiy qobiliyatlarini namoyon qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga katta hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari va “Talabalar ligasi” sport musobaqalari ham yoshlarni jismonan va intellektual jihatdan rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi “Talabalar ligasi” o‘yinlarida fakultetimiz talabalari faol ishtirok etib, universitetda faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu kabi tadbirlar ularga tengdoshlari bilan raqobatlashish, o‘zaro tajriba almashish va liderlik qobiliyatlarini namoyon etish imkoniyatini beradi.
Muxtasar aytganda, talabalarning akademik va ijodiy faolligini oshirish orqali ularning ilmiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Asosiy maqsadimiz esa logistika sohasida raqobatbardosh mutaxassislar yetishtirishdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EgFJoQBUwkE" title="O`zbekiston logistika sohasida zamonaviy yondashuvlar va imkoniyatlarga intilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.