O‘zbekiston kubogi bahslari nihoyasiga yetmoqda
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin maydoni hamda Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida chim ustida xokkey bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan (U14) o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari qizg‘in davom etmoqda.
Mamlakatimizning turli hududlaridan saralangan yosh xokkeychilar ishtirok etayotgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining kuchli jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
[gallery-31141]
Musobaqa davomida yosh sportchilarning texnik va taktik mahorati, jamoaviy harakatlari hamda maydondagi tayyorgarlik darajasi namoyon bo‘lmoqda. Uchrashuvlardagi shiddatli va murosasiz kurashlar bolalar chim ustida xokkeyga tobora katta qiziqish bildirayotganidan dalolat bermoqda.
O‘zbekiston kubogini o‘tkazishdan asosiy maqsad — yoshlar o‘rtasida chim ustida xokkeyni yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularning mahoratini yuksaltirish, shuningdek, mamlakat terma jamoalari uchun munosib zaxirani shakllantirishdan iborat.
Musobaqaning hal qiluvchi bahslari 29-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Yakuniy uchrashuvlardan so‘ng g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA