O‘zbekiston korxonalari xalqaro mukofotni qo‘lga kiritdi
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati, Cho‘lponota shahrida mahsulot va xizmatlar sifati sohasida erishilgan yutuqlar uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli tanlovda O‘zbekistonning oltita korxonasi munosib ishtirok etib, ulardan biri laureat, beshtasi esa diplomant sifatida e’tirof etildi.
Mazkur tanlov MDH mamlakatlarida sifat menejmenti tizimini rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
Joriy yilgi tanlovda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan jami 27 ta korxona ishtirok etdi. Baholash yakunlariga ko‘ra, ularning 25 tasi MDH mukofotining laureati va diplomanti degan yuksak maqomga sazovor bo‘ldi.

Tanlovda O‘zbekiston vakillari ham munosib ishtirok etdi. Xususan, Samarqand viloyati Urgut tumanida faoliyat yurituvchi «SAM-FERRE» mas’uliyati cheklangan jamiyati MDH sifat mukofoti laureati deb topildi.
Shuningdek, «TOSHELECTROAPPARAT» aksiyadorlik jamiyati, «KHANTEX-GROUP», «ADM JIZZAKH», «PROMEAT GROUP CORP» hamda «Ferghana France» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tanlovning diplomantlari sifatida e’tirof etildi.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi delegatsiyasi mamlakatimizda xalqaro standartlarni keng joriy etish, sifat infratuzilmasini takomillashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish va eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini berayotganini ta’kidladi.
Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston korxonalarining sovrindorlar safidan o‘rin olishi mamlakatimizda mahsulot va xizmatlar sifatiga qo‘yilayotgan talablar tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa milliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish va «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» brendining nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur yutuq mamlakatimizda sifat sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar hamda ishlab chiqarish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning yana bir amaliy natijasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA