O‘zbekiston – Koreya hamkorligi: ichimlik suvi ta’minotida ilg‘or tajriba va yangi imkoniyatlar
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari tobora yangi amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va malakali kadrlar tayyorlash borasidagi aloqalar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bu jarayonda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suvlarni samarali tozalash va mavjud infratuzilmani zamonaviy talablar asosida rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, Koreya Respublikasining mazkur sohada to‘plagan ilg‘or tajribasini o‘rganish va uning samarali jihatlarini O‘zbekiston amaliyotiga joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari dolzarb ahamiyatga ega.
Joriy yil 8-sentabr kuni Transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyati mudiri, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i hamda “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi ishtirokidagi Hukumat delegatsiyasining Janubiy Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida shu yo‘nalishda qator uchrashuv va amaliy tadbirlar o‘tkazildi.
Delegatsiya K-water akademiyasi rahbariyati bilan uchrashib, Koreyada oqova suv tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish, zamonaviy tozalash inshootlarini barpo etish va ulardan samarali foydalanish, tozalangan suvni qayta ishlatish hamda tarif siyosatini shakllantirish bo‘yicha tajriba bilan tanishdi.

Taqdimot davomida K-water tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, oqova suv inshootlarini yer ostida qurish va ularning ustki qismlaridan shahar aholisi uchun ijtimoiy infratuzilma sifatida foydalanish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Safar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi K-water kompaniyasiga qarashli “Asan” yer osti oqova suv tozalash inshooti faoliyatini ham o‘rgandi.
Mazkur inshoot sutkasiga 45 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega. Uning 27 ming kub metri qayta tozalanib, “Samsung” kompaniyasining ekran ishlab chiqarish zavodiga yetkazib beriladi. Inshootning to‘liq yer ostida joylashgani, uning ustki qismida esa park tashkil etilgani shahar infratuzilmasidan samarali va oqilona foydalanishning o‘ziga xos namunasidir.
Delegatsiya a’zolariga oqova suvlarni biologik tozalash, zararsizlantirish hamda teskari osmos filtrlari yordamida tozalash jarayonlari namoyish etildi.

E’tiborli jihati, ushbu loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan bo‘lib, K-water kompaniyasi unda operator sifatida ishtirok etmoqda.
Uchrashuvlar chog‘ida kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Jahon banki grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan K-water akademiyasi tomonidan “O‘zsuvta’minot” AJ xodimlarining malakasini oshirish dasturini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bu, o‘z navbatida, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida zamonaviy boshqaruv usullari hamda ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirgan mutaxassislar salohiyatini oshiradi.
Xizmat safari yakunida O‘zbekistonda ham oqova suvlarni tozalash va ulardan sanoat ehtiyojlari uchun qayta foydalanishga yo‘naltirilgan loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, K-water mutaxassislarini O‘zbekistonga taklif etib, Koreya tajribasini joylarda o‘rganish va uning amaliy jihatlarini muhokama qilish rejalashtirildi.

O‘zbekiston – Koreya munosabatlaridagi izchil hamkorlik ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Koreyaning zamonaviy texnologiya va boshqaruv tajribasini o‘rganish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish hamda tozalangan suvdan qayta foydalanish amaliyotini joriy etish “O‘zsuvta’minot” AJ faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘lishi mumkin.
Nilufar Bozorova, O‘zA