O‘zbekiston kino san’ati muzeyi 50 yoshda
Kinochilar uyida O‘zbekiston kino san’ati muzeyi tashkil etilganligining 50 yilligi munosabati bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida muzey direktori Gulnora Muxtorova O‘zbekiston kino san’ati muzeyining 50 yillik tarixi, undagi eksponatlar haqida ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, mehmonlar uchun muzey tarixi hamda faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik, birinchi kinooperatori Xudoybergan Devonov hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

– O‘zbekiston kino san’ati muzeyi yarim asr mobaynida yildan-yilga boyib bordi. Qayta ta’mirlash ishlari ko‘ngildagidek amalga oshirildi. Xodimlarimiz ham ushbu maskanga munosib kadrlar, bilimli, salohiyatli. Kinematografiya rahbariyati bilan muzeyimizni yanada kengaytirish va yangi fondlar bilan to‘ldirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdik. Yil davomida muzeyda yanada ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ladi, – deydi muzey rahbari Gulnora Mahmudova.

Kartinada taniqli fotograf va tasvirchi Xudoybergan Devonov hayot yo‘li, o‘zbek san’atiga qo‘shgan hissasi ochib berilgan. Film namoyishidan so‘ng, kartina bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu maskanda yil davomida tadbirlar davom etadi.
D. Mamatova, O‘zA