O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi vakillari Turkiyadagi xalqaro mediaforumda ishtirok etdi
Turkiyaning Balikesir shahrida "Madaniyat yo‘nalishidan raqamli kelajakka:madaniyatlar, media va sun’iy intellekt" mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tdi.
Unda Turkiyaning 58 hududidan hamda bir qator xorijiy davlatlardan mediatuzilmalar rahbarlari, jurnalistlar va ekspertlar ishtirok etdi.

Xalqaro muloqot davomida madaniyat, media va sun’iy intellektning o‘zaro uyg‘unligi, zamonaviy jurnalistikada yangi texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov ham ishtirok etib, mamlakatimiz media sohasidagi islohotlar, jurnalistika taraqqiyoti va xalqaro hamkorlikning istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Xalqaro forumda sun’iy intellekt texnologiyalarining jurnalistikada qo‘llanilishi, uning imkoniyatlari bilan bir qatorda axborotning ishonchliligi, jurnalistik etika, faktlarni tekshirish va milliy-madaniy qadriyatlarni muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi.

Bugun sun’iy intellekt media sohasining deyarli barcha yo‘nalishlariga kirib borayotgan bir sharoitda jurnalistning professional mas’uliyati yanada ortayotir.

Axborotni tezkor tayyorlash va tarqatish bilan birga uning manbasini tekshirish, haqqoniyligini ta’minlash, inson qadri va jurnalistika etikasi tamoyillariga rioya qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Balikesir forumidagi muhokamalar ham ana shu dolzarb masalalarga qaratildi.

Mazkur xalqaro forum nafaqat jurnalistlar va olimlarning professional muloqot maydoni, balki O‘zbekiston va Turkiya media tuzilmalari o‘rtasida yangi hamkorlik loyihalariga asos bo‘luvchi muhim tadbir bo‘ldi.
O‘zA