O‘zbekiston jahon matbuoti sahifalarida
O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish hamda tashqi siyosatda ochiqlik va pragmatizmni kuchaytirish bu jarayonning ustuvor yo‘nalishlariga aylangan.
Islohotlar ichki taraqqiyotni rag‘batlantirib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini sezilarli darajada oshirmoqda. Jahonning nufuzli ommaviy axborot vositalari yurtimizdagi yangilanishlarni turli yo‘nalishlarda tahlil qilib, jarayonning mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Mir24: Tojikiston va O‘zbekiston Prezidentlari
qadimiy Buxoro bo‘ylab sayr qildi
Rossiyaning “MIR24” nashri O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari davlat tashrifi doirasida Buxoro shahridagi tarixiy obidalar bilan tanishgani haqida xabar tayyorladi. Materialda davlat rahbarlari shaharning ko‘p asrlik madaniy merosi va me’moriy yodgorliklarini birgalikda ko‘zdan kechirgani ta’kidlangan. Bunday tashriflar ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning ramzi sifatida baholangan.
The Telegraph: 2026-yil sayyohlar eng ko‘p tashrif buyurgan mamlakatlar
Buyuk Britaniyaning “TheTelegraph” nashri 2026-yil sayyohlarni faol jalb qilayotgan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni ham kiritgan.
Xususan, mamlakatimizning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlari, Ipak yo‘lidagi merosi va boy tarixiy muhiti turistlar uchun jozibador ekaniga urg‘u berilgan.
The Times of India: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans istiqbolini ifodalaydi
Hindistonning “The Times of India” nashri maxsus maqola orqali Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazini Yangi O‘zbekistonning “Uchinchi Renessans” g‘oyasi ifodalangan yirik ilmiy-madaniy loyiha sifatida baholagan. Shuningdek, Markaz mamlakatning boy ma’naviy merosini tadqiq etish va jahonga namoyon etishda muhim o‘rin tutayotgani qayd etilgan.
See.news: Amir Temur va diplomatiya
Misrning “See.news” nashrida esa Amir Temurning diplomatik faoliyatiga bag‘ishlangan maqola chop etilgan. MuallifSohibqironning xalqaro munosabatlar tarixida tutgan o‘rni, davlat boshqaruvi va diplomatiyadagi yondashuvini tahlil qilishga uringan.
APP: O‘zbekiston agrosanoati jahon miqyosiga chiqmoqda
“Associated Press of Pakistan” manbasida O‘zbekiston agrosanoat tarmog‘i xalqaro bozorga faol chiqish bosqichiga kirgani ta’kidlangan. Mamlakatda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan eksport ko‘lami kengayishi, qayta ishlash va zamonaviy texnologiyani joriy qilish orqali agrosanoat mahsulotlari xalqaro talabga moslashtirilayotgani haqida so‘z yuritilgan. Ayni jarayon mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlashi, global hamkorlikni mustahkamlashi e’tirof etilgan.
Dilshod Hakimov, O‘zA