O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik reytingida katta o‘sishni qayd etdi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yil mart oyida “Meros” jamg‘armasi (“Heritage Foundation”) tomonidan tayyorlangan Iqtisodiy erkinlik indeksi hisoboti e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston bu reytingda 184 mamlakat orasida 60,3 ball bilan 86-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilga nisbatan 14 pog‘onaga oshgan. 2018-yilga nisbatan esa 66 pog‘onaga o‘sgan.
Iqtisodiy erkinlik indeksi mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish darajasi, investitsiya muhiti va bozor faoliyatini baholaydi. Bu reyting O‘zbekiston uchun eng muhim xalqaro ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, tashqi maydondagi reytingi va imiji uchun asosiy ahamiyatga ega.
So‘nggi yilda “Fitch” va “S&P” agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-”dan “BB”ga ko‘tardi, “Moody’s” esa reyting kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Bu hukumat va moliyaviy tashkilotlar uchun yangi qarzlarni jalb qilish xarajatlarini kamaytirdi va 17 bank hamda korxonalarning reytingiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Mamlakatning iqtisodiy erkinlik darajasi jahon va mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lib, O‘zbekiston birinchi marta “o‘rtacha erkin” davlatlar qatoriga kirdi. Ilgari esa mamlakat asosan erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida hisoblanardi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston raqobatbardosh bozor iqtisodiyotini rivojlantirishda sezilarli qadamlar qo‘ymoqda. Hukumat banklar va davlat korxonalariga aralashuvni kamaytirmoqda va biznesni boshlash jarayonini yengillashtirdi. Mehnat bozori rivojlanib borayotganiga qaramay, norasmiy sektorda bandlik hali ham sezilarli darajada saqlanyapti.
Shuningdek, inflyatsiya bosimiga qaramasdan, pul-kredit siyosati barqarorlikni saqlamoqda va O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lining so‘nggi bosqichida turibdi. E’tiborlisi, Iqtisodiy erkinlik indeksi mamlakatdagi islohotlarni baholash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, biznes muhitini yaxshilash va aholi turmush darajasini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA