O‘zbekiston-Iordaniya: ta’limdagi hamkorlik
Ayni kunlarda Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Buxoro davlat pedagogika instituti, Pedagogik mahorat markazi vakillari hamda viloyatning ilg‘or o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya Iordaniya davlatida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Safar davomida pedagoglarimiz ta’lim jarayonlariga STEAM (Science, Technology, Engineering, Art, Mathematics) yondashuvini joriy etish, o‘quv jarayonida zamonaviy innovatsion metodlarni qo‘llash bo‘yicha treninglarda ishtirok etish bilan bir qatorda Iordaniyaning yetakchi ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

Uchrashuvlar davomida Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan Hoshimiylar Qirolligida joylashgan Queen Rania Teacher Academy o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida viloyatdagi umumta’lim maktablarining aniq, tabiiy fanlar, boshlang‘ich ta’lim va xorijiy tillar o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqilib, bepul onlayn o‘quvlar tashkil etiladi. Ushbu mashg‘ulotlarni “Queen Rania Teacher Academy” mutaxassislari olib boradi.

Hamkorlik doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbir doirasida ikki davlat pedagoglari tomonidan tayyorlangan eng yaxshi maqola, ma’ruza va taqdimotlar to‘plami kitob holida chop etiladi.

Shuningdek, Buxoro viloyatidan ikki nafar o‘qituvchi “Queen Rania Teacher Academy”ning 9 oy davom etadigan, qiymati 3 000 AQSH dollari bo‘lgan kasbiy malaka oshirish kurslarida bepul tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu memorandum viloyat ta’lim tizimini xalqaro miqyosda rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘qituvchilar malakasini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Zarif Komilov, O‘zA