O‘zbekiston bugun har sohada dunyoga yuz ochib, keng ko‘lamli islohotlar natijasida iqtisodiy jihatdan rivojlanib bormoqda.
Mamlakatimiz erishayotgan natijalar, har bir soha va yo‘nalishdagi o‘zgarish va yangilanishlar xorijiy vakillar, ommaviy axborot vositalari tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Yaqinda «Artificial Intelligence 4 Development Agency» (AIDA) Yevropa portalida Belgiyaning «Diplomatic World Institute» tahliliy markazi loyiha menejeri Alberto Turkstraning «O‘zbekiston: innovatsion iqtisodiyot tongi» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Unda muallif O‘zbekiston 2016 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida boshlangan islohotlar sur’ati va ko‘lami sababli xalqaro hamjamiyat e’tibori markazida turibdi, deb ta’kidlagan. «Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan besh yil o‘tib mamlakatni iqtisodiy tanglikdan olib chiqdi. Uning keng ko‘lamli islohotlar jarayoniga O‘zbekiston iqtisodiy o‘zgarayotgani va modernizatsiya qilinayotgani haqidagi optimistik tahlillar hamrohlik qildi. «The Economist» jurnali 2019 yilda O‘zbekistonni «yil mamlakati», deb tan oldi», deb yozadi Alberto Turkstra.
Shuningdek, maqolada O‘zbekiston rahbarining topshirig‘iga binoan, asosiy vazifalari «Raqamli O‘zbekiston-2030» milliy strategiyasini keng joriy etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, raqamli texnologiyalar va sun’iy aql markazlarini rivojlantirish uchun maxsus Ilmiy-tadqiqot instituti yaratilgani, sun’iy aql texnologiyalari asosida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqish uchun ilmiy ekotizim shakllanayotgani qayd etilgan.
– Hozirgi kunda raqamli iqtisodiyotning YAIMdagi ulushi atigi 2,2 foizni tashkil etadi (AQSHda 10,9 foiz, Xitoyda 10 foiz, Hindistonda 5,5 foiz). Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot ulushini 30 foizga yetkazish kerakligini ochiq-oydin aytib o‘tdi. Buning uchun xususiy sektor jalb qilinadi va ushbu tarmoq raqamli iqtisodiyotda yetakchi o‘rinni egallaydi, – deyiladi maqolada.
Mamlakatimiz haqidagi ijobiy qarashlar, xorijiy vakillar tomonidan e’tibor va e’tirofga loyiq topilayotgan amaliy sa’y-harakatlar O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi, xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga zamin bo‘ladi. Qolaversa, bu kabi chiqishlar har bir vatandoshimizga o‘zgacha faxr bag‘ishlaydi.
Muhtarama Komilova, O‘zA