Joriy yilning 1-5 mart kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Yaponshunoslik fakultetida “Yaponshunoslik xalqaro-ilmiy haftaligi” asosida turkum tadbirlar o‘tkazildi.
Haftalik davomida “Yapon tili bo‘yicha notiqlik san’ati”, “Yaponshunoslik xalqaro forumi”, “TDSHU va yaponiyalik talabalar Xalqaro anjumani”, “Yaponshunoslikka doir kitoblar taqdimoti” hamda “Ikebana va origami san’ati” kabi tadbirlar tashkil etildi.
Haftalik doirasida universitetga Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Fujiyama Yoshinori va Mitsubishi kompaniyasining Toshkent filiali raisi Yoichi Sano tashriflari amalga oshirildi. Universitet miqyosida yapon tili bo‘yicha an’anaviy notiqlik san’ati tanlovi tashkil etildi.
Haftalik davomida, shuningdek, “Yaponshunos olimlarning forumi” ham o‘rin olgan bo‘lib, “O‘zbekiston va Yaponiya madaniy aloqalarining dolzarb masalalari: til, adabiyot, tarjima va jamiyatdagi jarayonlar” nomli Yaponshunoslik xalqaro forumi kunchiqar mamlakatning Sukuba universiteti bilan hamkorlikda 13-bor o‘tkazildi. Forumda 4 ta sho‘’ba faoliyat ko‘rsatib, xorijiy davlatlardan 20 nafar yaponshunos olimlarning ilmiy ma’ruzalari tinglandi. Jumladan, Yaponiyaning Sukuba universiteti, Nagoya universiteti, Tokio chet tillari universiteti, Aichi universitetlari, Sloveniyaning Lyublyana universitetidan yaponshunos olimlar qatnashdi. Shu bilan bir qatorda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va boshqa Respublikada faoliyat yuritayotgan yaponshunos olimlar ham ishtirok etdilar.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va yaponiyalik talabalar forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumning mavzusi sifatida “BMTning 2030 yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs)ga erishishda O‘zbekiston va Yaponiya yoshlarining roli” deb nomlandi.
Sukuba universiteti, Aichi universiteti, Tohoku universiteti, Tokio chet tillar universiteti, Kansai universiteti va Kanazava universitetlari talaba va doktorantlari “Barqaror rivojlanish maqsadlari” da belgilangan butun dunyo aholisi duch kelayotgan asosiy 17 yo‘nalishga doir ma’ruzalari hamda o‘z ilmiy izlanishlari bo‘yicha ma’ruzalari bilan qatnashishdi. Bundan tashqari, Yaponiyaning hamkor universitetlaridan talabalar tinglovchilar sifatida ishtirok etdilar.
Haftalik davomida yaponshunoslik fakulteti professor-o‘qituvchilari tomonidan 2021-2022 yilda chop etilgan kitoblar taqdimotlarini o‘tkazish hamda barcha qiziquvchilar uchun Yaponiyaning mashhur gullaridan ikebana hamda origami yasash san’ati bo‘yicha mahorat darsi tadbiri bo‘lib o‘tdi. Talaba yoshlar o‘z qo‘llari bilan ikebana va origamilarni yasab, zavqli mashg‘ulot tashkil etdilar.
Ma’rufxoja Najimxojayev,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Yaponshunoslik fakulteti
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar
bo‘yicha dekan o‘rinbosari