O‘zbekiston ilk ilmiy sun’iy yo‘ldoshini uchiradi
O‘zbekiston 2028-yil ilk milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqaradi. Ayni payt “Mirzo Ulug‘bek-6U” loyihasini amalga oshirish uchun muhandislik korpusi shakllantirilib, mutaxassislar tayyorlanyapti. Shu bilan birga birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash bo‘yicha ham ish boshlandi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik fazogirning ilk parvozi qisqa, 10-14 kun davom etadi. Samodagi tadqiqot yo‘nalishlari sifatida tibbiyot va biologiyaga doir masofaviy tashxislash, mahalliy dorivor aralashmalar samaradorligini o‘rganish kabi vazifalar belgilangan. Shuningdek, koinotda o‘simliklar genetikasi bo‘yicha qurg‘oqchilik va tuzga chidamli navlarni sinash, yopiq qishloq xo‘jaligi biologik tizimlarini tasniflash va manbashunoslik ilim doirasida issiqlikni to‘plash va tarqatish uchun zarur modda, mato va tolalarni sinovdan o‘tkazish ham nazarda tutilgan.
Darvoqe, 2028-yil Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressini o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur tadbirga AQSH, Xitoy, Hindiston, Rossiya kabi qudratli davlatlar hamda Yevropaning qator yirik mamlakatlari yetakchi kosmik tashkilotlari vakillari qatnashish istagini bildirgan.
G.Sattorova, O‘zA