8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
Insoniyat to‘xtovsiz davom etuvchi globallashuv jarayonida ijobiy natijalarga erishish uchun oldinga qo‘yilgan maqsadlar yo‘lini aniq belgilovchi tizimli talablarga ehtiyoj sezadi.
Bu borada bir shaxsdan butun bir jamiyat, davlat manfaatlarigacha bo‘lgan ulkan qamrovni o‘zida mujassamlashtirgan qoidalar majmuining mavjudligi esa maqsadlarga erishish yo‘lida huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquq va erkinliklarining mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi. Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, ular soni 128 tadan 155 taga oshdi, normalar soni 275 tadan 434 taga ko‘paydi, ya’ni Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Xususan, Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Tariximizda ilk bora O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilandi. Ya’ni insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi.
Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilandi. Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar soni 3 barobar ko‘paydi.
Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topdi. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga, inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ziyodga oshdi. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash qonunlarimizning mazmuni, har bir vazirlik va idora faoliyatining ustuvor maqsadiga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilandi.
Shuningdek, Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi. Ya’ni shaxsning sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddatda ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi belgilandi.
Ushbu qoidalar shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya umumxalq muhokamasidan o‘tgan tarixiy hujjatdir. U “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatining jadal rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Salohiddin Sattarov,
Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA