Munosabat
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan tabrigida “Hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat”, degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi” deb ta’kidlagandi.
Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. Fuqarolar munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi ajratish, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni ko‘zda tutadi. Sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasi.
Qayd etish lozim, ijtimoiy davlat – har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishishini ta’minlash, ijtimoiy tafovutni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun moddiy boyliklarni adolat tamoyiliga muvofiq taqsimlashga qaratilgan davlat modelidir. Ahamiyatlisi, bu borada mamlakatimizda oxirgi besh-olti yilda ijtimoiy davlatning asosiy talablari amalda qo‘llanildi.
Birinchidan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi, “Monomarkaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etildi. Ishlayotgan pensionerga yuz foiz pensiya to‘lashga o‘tildi. 2022 yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deya nomlanishi bejiz emas. Har bir hudud kesimida kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, aholi daromadini oshirish bo‘yicha dasturlar qabul qilinmoqda. Eng muhimi, fuqarolarimiz va farzandarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan.
Ikkinchidan, ijtimoiy davlatda ta’lim va tibbiyot katta ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 40 foizga ko‘tarildi. Oliy ta’lim muassasalari soni 2 barobar oshdi, 2017 yil respublikada 72 oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatgan, hozir 167 tani tashkil etadi. Besh yil oldin yurtimizda 5211 maktabgacha ta’lim muassasasi bor edi, 2021 yil bunday tashkilotlar soni 19 ming 316 taga yetkazildi. Xususiy tibbiyot maskanlari soni 3810 tadan 6527 taga o‘zgardi.
Uchinchidan, “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” IV bobida “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur strategiyaning 43 maqsadi, bevosita, har bir fuqaro uchun munosib sharoit yaratish va turmush darajasini muntazam ko‘tarib borishga xizmat qiladi.
Umuman, O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etishning asosi yaratilmoqda. Keling, ayni jarayonda ijtimoiy davlatning belgilari namoyon bo‘lishi, vazifalari belgilab olinishini xalqaro me’yorlar nuqtai nazaridan kuzatamiz.
Jahondagi “ijtimoiy davlat” mavqeiga ega mamlakatlar iqtisodiy jihatdan yuqori darajada rivojlangan, jamiyatning iqtisodiyot tuzilishi ijtimoiy yo‘naltirilgan, fuqarolik jamiyati shakllangan, davlat tomonidan turli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish tizimi mavjud, har bir kishiga munosib turmush sharoiti ta’minlanadi, har bir shaxs o‘zini namoyon qilishi uchun teng sharoit yaratilgan, davlatning o‘z fuqarolari oldidagi ijtimoiy ma’suliyati kuchli.
Ijtimoiy davlatning vazifalari borasida ilg‘or mamlakatlar tajribasi tahliliga ko‘ra, aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan qismi - ishsiz, pensioner yoki imkoniyati cheklangan shaxslarni, oilani, onalik, otalik va bolalikni qo‘llab-quvatlash, sog‘liq va mehnatni himoyalash, daromadni qayta taqsimlash orqali jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yo‘qotish, madaniyat va ta’lim loyihalari dasturlarini moliyaviy rag‘batlantirish va ishsizlikka qarshi kurashish ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir.
Ijtimoiy ta’minot tizimi ijtimoiy sug‘urta shaklida vujudga kelgan. Bunda nafaqa, ishsizlik bo‘yicha nafaqa, davlat byujeti hisobidan va homiy jamg‘armalar tomonidan ajratiladigan to‘lovlar tushuniladi. Xalq farovonligining asosiy ko‘rsatkichi qashshoqlik darajasi orqali belgilanadi. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 10 foizdan oshmaydi. Masalan, Shvetsiyada bu ko‘rsatkich 4 foiz atrofida.
Uchinchidan, ijtimoiy davlat har bir kishiga munosib hayotiy sharoitning kafolati sifatida eng kam iste’mol miqdori (“iste’mol savatchasi”)ni belgilaydi. Ushbu vazifani davlat jamiyat a’zolari tomonidan yaratilgan qiymatni samarali qayta taqsimlab, birinchi navbatda, kam ta’minlangan aholi qatlamiga yo‘naltiradi. Odatda, iste’mol savatchasi har bir inson hayoti uchun yetarli, yuzlab nomdagi iste’mol tovarlari va xizmatlardan iborat bo‘ladi. Ijtimoiy maqomga ega davlat aholining ish qobiliyatini yo‘qotgan, nogiron bo‘lib qolgan va muhtoj qatlamiga nisbatan ma’suliyatni o‘z zimmasiga oladi.
To‘rtinchidan, ijtimoiy tenglikni ta’minlash eski sobiq sovet tizimidan keskin farq qiladi. Ijtimoiy tenglik tushunchasi hammaga birdek taqsimlash yoki hammani birdek ta’minlashni emas, balki har bir kishi uchun teng imkoniyat, shart-sharoit mavjud bo‘lishini nazarda tutadi.
Demak, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan va amalga oshirilayotgan ijtimoiy davlat pozitsiyasi, avvalo, insonning qadriyatini, manfaatini qo‘llab-quvvatlashga, uni jamiyatning eng yuqori oliy ne’mati darajasiga olib chiqishga qaratilgan. Ijtimoiy siyosatning ustuvorligi, doimiyligi va hayotiyligi ko‘p davlatlarda konstitutsiya darajasida ta’minlangan va eng yuqori siyosiy-huquqiy qadriyat sifatida mustahkamlangan.
Bunda inson va muayyan fuqaroning Konstitutsion normalar orqali kafolatgan ijtimoiy-iqtisodiy huquqi va erkinligi, o‘z navbatida, mos ravishda davlatning tegishli majburiyati bilan mustahkamlangan. Jahonning ko‘plab davlatlari shu yo‘ldan bormoqda, shunga o‘xshash tendensiyalar hamma joyda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, Germaniya Federativ Respublikasining 1949 yildagi asosiy qonunida davlatning ijtimoiy xarakteri alohida moddaga kiritilgan. Bu jihat Rossiya konstitutsiyasida ham aks etgan. Fikrimizcha, bugungi kunda O‘zbekistonda ham ushbu qoidani konstitutsion darajada mustahkamlash muhim siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy fenomen sifatida namoyon bo‘ladi.
Sayfiddin JO‘RAEV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori