193 ta a’zo davlat bilan birgalikda AKT sohasida innovatsiyalarni targ‘ib qiluvchi Xalqaro elektraloqa ittifoqi (ITU) BMTning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha ixtisoslashgan agentligi bo‘lib, 1000 dan ortiq kompaniya va universitetlar, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlarga a’zo.
Xalqaro Elektr Aloqa Ittifoqi “Global Cybersecurity Index 2024” reytingining yangi nashrini taqdim etdi. Hisobotga ko‘ra, mamlakatlar rivojlanish darajasiga ko‘ra beshta guruhga ajratilgan.
O‘zbekiston Kanada, Isroil, Avstriya, Shveysariya kabi mamlakatlar bilan birgalikda Tier 2 (Advancing) guruhiga kiritildi hamda 2024 yilda mamlakatning ushbu ko‘rsatkichi +18.09 ballga yuqorilab, 89,2 ni tashkil qildi.
2020 yilda e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston 71,11 ko‘rsatkichni qayd etgan edi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.
Eslatib o‘tish joiz, 1865 yilda tashkil etilgan Xalqaro Elektr Aloqa Ittifoqi (ITU) radio spektridan umumiy global foydalanishni muvofiqlashtirish, sun’iy yo‘ldosh orbitalarini belgilashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, rivojlanayotgan mamlakatlarda aloqa infratuzilmasini yaxshilash va keng diapazonning uzluksiz o‘zaro bog‘lanishini ta’minlaydigan jahon standartlarini o‘rnatish uchun mas’ul bo‘lgan hukumatlararo organdir.
A.RUSTAMOV, O‘zA