O‘zbekiston gidroenergetika salohiyati Minskda namoyish etildi
Bu haqda "O‘zbekgidroenergo" AJ axborot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, Minsk shahrida 27-30-oktabr kunlari 30-yubiley Belarus energetika va ekologiya forumi hamda "EnergyExpo-2026" xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Unda "O‘zbekgidroenergo" AJ va uning tarkibidagi "UzHydroPower" korxonasi vakillari ham ishtirok etib, mamlakatimiz gidroenergetika sohasida erishilgan natijalar, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqbolli loyihalarni taqdim etdi.
Shuningdek, "UzHydroPower" korxonasining ishlab chiqarish imkoniyatlari, zamonaviy gidroenergetika uskunalarini tayyorlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda milliy loyihalarni texnologik yechimlar bilan ta’minlash borasidagi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Mazkur nufuzli xalqaro tadbir O‘zbekistonning gidroenergetika salohiyatini jahon hamjamiyatiga keng tanitish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va sohada yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim imkoniyat yaratdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA