O‘zbekiston – GFR munosabatlari jadal rivojlanmoqda
O‘zbekiston tashqi siyosatida Germaniya bilan ko‘p qirrali hamkorlik muhim axamiyat kasb etadi. O‘zaro munosabatlar, ayniqsa, keyingi yillarda sifat jihatidan yangi, o‘zaro anglashuv va ishonchga asoslangan yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Oliy darajadagi aloqalar jadalligi va erishilgan kelishuvlar izchil bajarib borilishi ikki tomonlama kun tartibi mazmunan kengayishini ta’minlamoqda.
Mamlakatlar rahbariyati va hukumatlari darajasida ishonchli muloqot rivojlanib, so‘nggi 5 yil ichida ikki mamlakat prezidentlarining to‘rt bor o‘zaro tashrifi amalga oshirildi.
Qo‘shma Ishbilarmonlar kengashi faol ish olib bormoqda. Tovar ayirboshlash 36 foiz, O‘zbekistondan eksport hajmi esa 62 foizga o‘sdi. Germaniya O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim investoriga aylanmoqda. Yurtimizga kirib kelgan olmon sarmoyasi miqdori 5,5 milliard dollarga yetdi. Shundan 4 milliardi so‘nggi bir necha yil ichida jalb qilingan. Xususan, 2016-2024 yillar Germaniya mablag‘i iqtisodiyotimizning bazaviy tarmoqlari – energetika, tog‘-kon, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, transport salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltirildi. Ayni payt nemis kompaniyalari ishtirokida respublikamizda umumiy qiymati 5 milliard yevrolik 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda GFRning 220 dan ziyod kompaniyasi bizning bozoriga kirib, muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasini jipslashtirish amaliyoti Germaniya ijtimoiy-siyosiy doiralari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Nemis ekspertlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mintaqa barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlar o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab kelmoqda. Bunday siyosat barcha qardosh o‘lkalarni o‘sib borayotgan jozibador bozorga, investitsiya va siyosiy-iqtisodiy faollik markaziga aylantirmoqda.
Sayfiddin Jo‘rayev,
TDSHU professori