Germaniya hamkorlik loyihasi doirasida maktabga zamonaviy texnik jihozlar va o‘quv qo‘llanmalari yetkazib berildi.
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 1-umumta’lim maktabi ZFA –Germaniyaning xorijdagi nemis tilini o‘rganayotgan maktablarni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti hamkorlik loyihasi a’zosi sanaladi.
Loyiha doirasida har yili maktab o‘qituvchilari poytaxtimiz va Germaniyada malaka oshirib qaytadi. Shuningdek, germaniyalik mutaxassislar tomonidan maktabda turli seminarlar, mahorat darslari tashkil etiladi.
Kuni kecha ZFA tomonidan yana bir tashabbus amalga oshirildi. Maktabga zamonaviy noutbuk, ovoz kuchaytirgich, nusxa ko‘chiruvchi kabi apparatlar, jami 1000 yevro miqdoridagi qo‘llanma va lug‘at kitoblari, ko‘rgazmali qurollar yetkazib berildi.
Bu maktabda nemis tilini o‘qitish sifatini oshirish va fan o‘qituvchilarini metodik qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri