Tibbiyot xabarlari
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiya Germaniyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, vakillarimiz ilk uchrashuvni Germaniya taraqqiyot banki (KfW) rahbariyati bilan o‘tkazdi. O‘zaro muloqotda hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.
Qayd etish kerakki, mazkur davlat banki 75 yillik ish tajribasiga ega. Bosh idorasi Frankfurt shahrida joylashgan. Muassasa hamkor mamlakatlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsatib keladi.
Xususan, “KfW“ bilan birgalikda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, tibbiy muassasalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbai bilan ta’minlash va tibbiy ta’lim bo‘yicha yettita investitsiyaviy grant loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shulardan biri reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish loyihasi bo‘lib, mamlakatimizda ixtisoslashgan pediatriya xizmatini yaxshilashga qaratilgan.
Tuberkulyoz kasalligiga qarshi kurash grant loyihasining beshinchi va oltinchi bosqichi Respublika ixtisoslashgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy silga qarshi dispanserlarni zamonaviy jihoz va asbob-uskunalar bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida teleradiologiyani joriy etish loyihasi yurtimiz sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan raqamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
“KfW“ bankining navbatdagi ikkita loyihasi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, bu muassasalarda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va laborator tekshiruvlar sifatini oshirishga yo‘naltirilyapti.
Orolbo‘yi mintaqasida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash loyihasining maqsadi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi davolash-profilaktika muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash va shu orqali bu yerda yashovchi aholi salomatligini yanada mustahkamlashdan iborat.
Termizda tibbiy ta’lim hamda malaka oshirish dasturini modernizatsiya qilish loyihasi o‘rta tibbiyot xodimlari hamda hamshiralar, laborantlar, rentgenologlar va boshqalarning malakasini oshirish, shuningdek, Surxondaryo viloyati markazidagi tibbiy texnikumni zarur jihozlar, jumladan, simulyatsiya vositalari bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilib, Orolbo‘yi mintaqasida tibbiy xizmatni rivojlantirish, bu orqali hududda yashovchi aholi salomatligini yanada mustahkamlashga doir bitim imzolandi.
Shuningdek, mamlakatimiz tuman va shaharlaridagi tibbiyot muassasalarini Germaniyada ishlab chiqariladigan zamonaviy diagnostika vositalari uskunalari bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo sog‘liqni saqlash forumida qanday takliflar o‘rtaga tashlandi?
Berlinda 15-16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash sammiti 100 dan ortiq davlatdan kelgan 300 dan ziyod ma’ruzachilar uchun minbar bo‘ldi. Mazkur sammit doirasida o‘tkazilgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo sog‘liqni saqlash forumida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Germaniya Sharqiy biznes assotsiatsiyasi va Germaniya sog‘liqni saqlash alyansi tomonidan oltinchi bor o‘tkazilgan mazkur forum mavzusi “Sog‘liqni saqlash sohasida investitsiyalar va sheriklik” deb nomlandi.
Tadbir Germaniya va hamkor davlatlarning soha mas’ullari, xususiy sektor vakillari, ekspert va tadqiqotchilari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga qaratildi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ham forumda so‘zga chiqib, ishtirokchilarni mamlakatimizda tibbiyot sohasini transformatsiya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.
Qayd etilganidek, keyingi 7 yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohaga doir 200 dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 6 barobar ortdi. Natijada malakali tibbiy xizmat aholiga yanada yaqinlashdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yurtdoshlarimiz salomatligini ta’minlash bilan bog‘liq qator ustuvor maqsadlar belgilangan. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini 2 barobarga oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobarga kamaytirish shular jumlasidan.
– Yangi O‘zbekiston tibbiyot sohasida ham xorijiy sheriklar bilan hamkorlikka hamisha tayyor va ochiq, – dedi vazir o‘z nutqida. – Investorlarni mamlakatimizga chorlab qolamiz. O‘ylaymizki, bugungi forum ana shu yo‘nalishda sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi.
Shundan so‘ng mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimidagi transformatsiya jarayonlari, jumladan, xususiy tibbiyot, sohada davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, tizimni raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta, investitsiyaviy faoliyat uchun yaratilgan qulaylik hamda imkoniyatlar haqida tayyorlangan videotaqdimot namoyish etildi.
Mamlakatimiz tibbiyotidagi yangilanishlar ishtirokchilarning katta qiziqish va e’tiroflariga sazovor bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov ham ishtirok etdi.
Binobarin, forum doirasida delegatsiyamiz vakillari Germaniya Federal sog‘liqni saqlash vazirligining davlat kotibi Tomas Shteffen bilan uchrashdi.
Muloqotda Germaniyaning nufuzli klinikalarida o‘zaro tajriba almashish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, tibbiy sug‘urta tizimi, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, boshqaruv va shifokorlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda litsenziyalash kabi yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari muhokama etildi.
O‘zbekistonda Germaniyaning “Aesculap” akademiyasi maktabi ochiladi
Germaniya – tibbiyot sohasida jahonning peshqadam mamlakatlaridan biri. Shu bois, nemis klinikalarida davolanish uchun Yer sharining turli nuqtalaridan kelayotgan bemorlar oqimi to‘xtamaydi.
Qolaversa, bu davlatda ishlab chiqariladigan yuqori sifatli tibbiy texnologiyalar butun dunyoda ma’lum va mashhur.
Germaniyada xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiya ana shunday mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Aesculap” kompaniyasida bo‘lib, uning savdo masalalari bo‘yicha direktori Patrik Zauter hamda Biznesni rivojlantirish bo‘yicha mas’ul vakili Yoaxim Fetser bilan uchrashdi.
156 yillik tajribaga ega mazkur kompaniyada ishlab chiqarilayotgan keng turdagi jarrohlik asbob-uskunalaridan operatsiya xonalari va intervension terapiya bo‘limlarini jihozlashda keng foydalanib kelinmoqda.
E’tiborli jihati, “Aesculap”ning yuqori texnologik amaliyotlarda foydalaniladigan mahsulotlari konveyer usulida emas, balki qo‘l mehnati orqali, o‘ta sifatli po‘latdan tayyorlanadi.
Muloqot davomida kompaniya tibbiy asbob-uskunalarini mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalariga yetkazib berish hamda bu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama etildi.
O‘z navbatida, “Aesculap” akademiyasida 10 nafar o‘zbekistonlik xirurg malakasini oshirish hamda kelgusida yurtimizda mazkur akademiya maktabini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, vakillarimiz tibbiy texnologiyalar ishlab chiqarish borasida dunyo miqyosida yetakchilar qatorida e’tirof etiladigan “Aesculap”ning jonivorlarda ilmiy tadqiqot va tajriba sinovlari o‘tkaziladigan maxsus laboratoriyasida ham bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan operatsiyalar bilan ham yaqindan tanishdi.
Delegatsiyamiz a’zolari shu kuni “Robert Kox – Ibn Sino” tibbiyot fondi rahbari Xelmut Xan bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Germaniya bilan o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Sharite universiteti va Robert Kox instituti klinikalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur fond doirasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, telemeditsina yordamida mahorat darslarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yo‘nalishida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Muloqot davomida bu yo‘nalishdagi ishlar qamrovini kengaytirish masalalari muhokama etilishi barobarida, O‘zbekiston – Germaniya ikkinchi xalqaro tibbiyot forumi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilib, tadbirni kelgusi yil Berlinda o‘tkazishga qaror қилинди.
Mohigul Qosimova tayyorladi.
O‘zA