O‘zbekiston – Germaniya o‘rtasidagi strategik hamkorlik so‘nggi yillarda barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. Xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi masalalari har ikki mamlakat uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Germaniya Bundestagining Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va Vatan qo‘mitasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif chog‘ida asosiy e’tibor muhim soha bo‘lmish qishloq xo‘jaligi va iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb masalalarga qaratildi.
Germaniyaning elchixonasi axborotida xabar berilishicha, delegatsiya Toshkentda qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitalari vakillari, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, Akademik Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti vakillari bilan fikr almashildi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetida Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma tomonidan tashkillashtirilgan davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, delegatsiya ikki kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq suv tanqisligi masalalari bilan yaqindan tanishdi. Dastur doirasida mahalliy parlament va qishloq xo‘jaligi vaziri bilan suhbat, paxta klasteriga tashrif va Germaniya Federal hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalar faoliyati bilan tanishuv tashkil etildi.
Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ) ning Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi va Nukusdagi Qishloq xo‘jaligi instituti bilan hamkorligi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalari, jumladan, Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy rivojlanishi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va iqlim o‘zgarishiga moslashish kabi sohalardagi islohotlarga e’tibor qaratildi.
Safar yakunida delegatsiya Toshkent viloyatidagi korxonalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi mashinalarini ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi, to‘qimachilik fabrikasi, vinochilik va chorvachilik fermasiga tashrif buyurdi.
– Germaniya parlamenti a’zolarining O‘zbekistonga tashrifi va ularning bu yerlik hamkorlar bilan o‘zaro fikr almashishi har ikki tomon uchun ham ahamiyatli, – dedi Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer. – Biz bir-birimizdan o‘rganishimiz va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni yanada ilgari surishimiz mumkin. Ishonchim komilki, tashrif Germaniya-O‘zbekiston munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun muhim poydevorlar yaratdi.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijasida qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi amaliy aloqalarni yanada mustahkamlab, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlim o‘zgarishi sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
Kamola Yusupova, O‘zA