O‘zbekiston – Germaniya: dual ta’lim (+video)
Mehnat migratsiyasi – tabiiy jarayon. U Amerikada ham, Avstraliyada ham bor. Muhimi, migrantlarning ta’lim saviyasidir.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda kasbiy ta’lim va xorijiy til o‘qitish dasturiga urg‘u bermoqda. Masalan, birgina Farg‘ona viloyatidagi 6 ta texnikumda 11 ta kasb mutaxassislik bo‘yicha 526 nafar yoshlar xalqaro ta’lim dasturi asosida o‘qitilmoqda. Marg‘ilondagi 4-sonli texnikum Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyasi bilan hamkorlikda uchta kasb bo‘yicha 250 nafar yoshlarga kasb va til o‘rgatmoqda.

– Logistika, qurilish texnologiyasi va elektrotexnika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beryapmiz. Qirq nafar o‘quvchimiz nemis tilidan sertifikat olish uchun tegishli sinovdan o‘tdi, – deydi texnikum bosh mutaxassisi Erkinoy Ahmadaliyeva. – Kelgusi o‘quv yilidan birinchi bosqich tinglovchilari besh nafarga yetadi.
Texnikumlarda o‘quvchilar 1- bosqichda 9 oy davomida nemis tili va kasbiy fanlar bo‘yicha tahsil oladi hamda nemis tili bo‘yicha kamida B-1 darajadagi sertifikat olgan o‘quvchilar 3 oy davomida Germaniyada amaliyot o‘taydi hamda keyingi bosqichda Germaniyadagi kasbiy ta’lim tashkilotlarida 2-bosqichdan dual ta’lim shaklida o‘qishni davom ettiradi.

– Dual ta’lim bo‘yicha ham o‘qishadi, ham ishlashadi. O‘quvchilarga Germaniyada 900 – 1200 yevro stipendiya to‘lanadi. O‘qishni yakunlagach bitiruvchilarga Yevropa standartidagi diplomlar beriladi. Shundan so‘ng ular 3500 – 4000 yevro ish haqi belgilangan mutaxassis lavozimlarida Germaniyada qolib ishlashlari mumkin bo‘ladi, – deydi Erkinoy Ahmadaliyeva.
Texnikum o‘quvchilari dastlabki bosqichdayoq nemis tilini o‘zlashtirib oldi. Kuni kecha esa ular B-1 sertifikati uchun imtihon topshirdi.
– Sakkiz oy davomida nemis tilini o‘rganib B-1 sertifikatini oldim va quruvchi kasbiga ega bo‘ldim, – deydi texnikum o‘quvchisi Izzatillo Erkinjonov. – Qolgan ikki yilni Germaniyada o‘qiyman va zamonaviy mutaxassis bo‘lgach, O‘zbekistonga qaytib mamlakat rivojiga o‘z hissamni qo‘shaman.
B-1 sertifikatini olgan yoshlar safar taraddudini ko‘rishyapti. Ularning niyat va rejalari ham katta.
– O‘qish davomida elektrik kasbiga ega bo‘ldim va nemis tilini o‘rgandim, – deydi birinchi bosqich talabasi Saidmuhammad Jamolxonov. – O‘qishni bu yildan boshlab Germaniyada davom ettiraman. U yerda oladigan diplomim esa Yevropa mamlakatlarida elektrik bo‘lib ishlash huquqini beradi.
Yevropa, Osiyoning rivojlangan mamlakatlari, hatto Amerikadan O‘zbekistonga malakali ish kuchiga eshiklar ochildi. Takliflar kundan kun ko‘paymoqda. Endi o‘zbekistonlik migrantlar yuqori ish haqi to‘lanadigan mutaxassis sifatida xorijiy mamlakatlarga borib ishlaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_eXQJbLInIs" title="O‘zbekiston – Germaniya: dual ta’lim" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M. Obidov, E. Olimov (video), O‘zA