-
Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududi mezbonlik qilgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
O‘zA muxbiri mazkur anjuman tafsilotlari, xususan mamlakatimiz yetakchisi tomonidan ilgari surilgan takliflar, shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasining geostrategik ahamiyati xususida TDSHU Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori Sayfiddin Jo‘rayevning fikrlari bilan qiziqdi.

– Prezidentimizning BMT Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirdagi ishtiroki rasmiy Toshkentning tashqi siyosatdagi faol, tashabbuskor yo‘nalishlarini yana bir bor namoyon etdi.
Birinchidan, davlatimiz rahbarining ushbu nufuzli yig‘inda ishtirok etish uchun Kaspiy dengizi bo‘yidagi Turkmanboshi shahriga amaliy tashrifi O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarining o‘ziga xosligini va aloqalarimiz muntazam rivojlanib borayotganligini bildiradi. Ayniqsa, BMT konferensiyasi doirasida O‘zbekiston yetakchisi Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlangani ham ikki davlat o‘rtasidagi hurmatning yuksak darajasini anglatadi. Qayd etish joiz, davlatimiz rahbari keyingi yillarda 11 marta bunday yuqori darajadagi mukofotlar bilan taqdirlandi.
Ikkinchidan, Prezidentimiz anjumanda dunyoda ziddiyatli jarayonlar chuqurlashib borayotgan sharoitda yechim sifatida global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish borasida konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka doim ochiq va konstruktiv muloqotga tayyorligini ta’kidladi.
Uchinchidan, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish, iqlim va suv masalalari bo‘yicha kun tartibini ishlab chiqish, “yashil” energiyaga urg‘u berish nafaqat dolzarb mavzular, balki mintaqa kelajagi uchun strategik qadamdir. O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo manfaatlar mutanosibligi, hamjihatlik va hurmatga asoslangan xalqaro sheriklikning yangi formati uchun namuna bo‘la olishini yaqqol ko‘rsatib bermoqda.
To‘rtinchidan, davtimiz rahbarining sammit davomida yirik tashabbuslarni ilgari surishi O‘zbekistonning izchil va kompleks ravishda mintataqaviy muloqotning yangi modelinii yaratish bo‘yicha strategik amaliy xarakatlar doimiyligini o‘zida namoyon qildi.
Yurtimiz strategiyasi BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning transport aloqalarini yaxshilash va barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladi. Masalan, transport va logistika infratuzilmasi, savdoni osonlashtirish, mintaqaviy integratsiya va tashqi ta’sirlarga chidamlilik masalalari shular jumlasidan.
O‘zbekiston BMTga Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, mintaqaviy infratuzilma va integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan rezolyutsiyani taqdim etdi. Strategiya geografik uzoqlikni logistik ustunlikka aylantirish, iqtisodiyotning tashqi zarbalarga chidamliligini oshirish g‘oyasiga asoslanadi.
Beshinchidan, tashrif doirasida ilgari surilgan tashabbuslarning barchasi qator muhim sohalar, xususan, transport, energetika, suv resurslari va iqlim o‘zgarishi kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, bu butun mintaqaviy taraqqiyot uchun strategik ahamiyatga egaligi xamda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarining muhim markazlaridan biriga aylanayotganini anglatadi.
E’tiborga molik tomoni shundaki, O‘zbekiston yetakchisi faqat iqtisodiy masalalarni emas, balki global ishlab chiqarish zanjirlariga mintaqa mamlakatlarining chuqur integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarni ham uzoq muddatli strategik yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tdi.
Qolaversa, transport sohasini raqamlashtirish va logistikada xususiy-davlat sherikligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi muammolarni faqat qayd etish bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy va aniq yechimlar orqali hal etishga intilishni tasdiqlaydi.
Oltinchidan, O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida amaliy, aniq va o‘lchanadigan mezonlarga o‘tish taklifini ilgari surdi. Bu nafaqat mintaqamiz, balki xalqaro miqyosda ahamiyatga ega bo‘lgani uchun rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarni bunday mamlakatlarga yordam ko‘rsatishdagi yondashuvini hozirgi zamon talabi va rivojlanish qonuniyati, shart-sharoiti, muammolarni yechishdan kelib chiqib, yangi amaliyot va strategiyani jiddiy ravishda qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi.
Shu nuqtai nazardan Prezidentimizning BMT Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasidagi ishtiroki yangi davr zamonaviy diplomatiyasining strategik vazifalariga javob beradigan navbatdagi siyosiy qadam, deyish mumkin.
Umuman, Turkmanistondagi tadbirlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskorligi, mintaqada shaxsiy nufuzi va siyosiy yetakchiligi yanada mustahkamlanayotganini yana bir marta namoyon qildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo xavfsizlik, barqaror rivojlanish va xalqaro hamkorlik borasidagi o‘z qarashlarini mustaqil ravishda shakllantirayotgan yangi geosiyosiy markaz sifatida yuzaga chiqayotganini ko‘rsatdi.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA