O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman
Andijon viloyatida ayni kunda yuzga yaqin millat va elat vakillari hamjihatlikda istiqomat qiladi.
Ular millatidan qat’i nazar shu muqaddas Vatanning fuqarosi sifatida yurt obodligi, tinchligi yo‘lida mehnat qilmoqda.
Viloyatda beshta – Rus, Qirg‘iz, Arman, Koreys va Uyg‘ur milliy markazlari samarali faoliyat yuritmoqda. Ana shu markazlar tomonidan millatlararo do‘stlikni mustahkamlash, o‘z millatlari tili, urf-odat va an’analarini rivojlantirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Rus milliy-madaniy markazi Andijon viloyat bo‘limi rus xalqi milliy urf-odat va an’analarini rivojlantirish, rus tilini targ‘ib etish, millatlararo do‘stlikni mustahkamlash ishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda, o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivallari, madaniy, ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib keladi.

– Yil davomida turli sanalar munosabati bilan juda ko‘p tadbirlar o‘tkaziladi, – deydi O‘zbekiston Rus milliy-madaniy markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Yekaterina Smesova. – Ana shu tadbirlar orqali millatlararo do‘stlikni mustahkamlash, shu jumladan, “Men Vatanimni sevaman!”, “Tariximizni o‘rganamiz!”, “Rus tili bilimdoni”, “Rus she’riyati bilimdoni” singari qator tanlov va viktorinalar orqali xalqimiz urf-odat va an’analarini, tilimizni targ‘ib etishga harakat qilyapmiz.
Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilgan. Ochig‘i, millatim rus bo‘lsa-da, O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman.
Bugun Andijonda rus pravoslav va xristian cherkovlari ishlab turibdi. Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi viloyatdagi barcha maktab va litseylarda rus tili va adabiyoti fani o‘qitilmoqda. Darslar to‘liq rus tilida olib boriladigan hamda aralash o‘qitiladigan maktablar mavjud. Shuningdek, Andijon davlat universiteti filologiya fakultetining rus tili va adabiyoti bo‘limida yuzlab talabalar tahsil olmoqda.
Markaz tashabbusi bilan o‘tkazilgan "Jivaya klassika" xalqaro tanlovining viloyat bosqichida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 35 nafar 4-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Tanlovning g‘olib va sovrindorlari munosib rag‘batlantirildi.

Markaz faollarining sa’y-harakati bilan Andijon shahri hududida xiyobon tashkil etilib, u yerga turli manzarali ko‘chatlar ekilganligi keng jamoatchilik tomonidan yaxshi kutib olindi.
Rus xalqining milliy bayrami – “Maslenitsa” keng nishonlanib, bayram doirasida qator tadbirlar, xususan, “Ezgu amal” jamoat fondi bilan hamkorlikda xayriya konserti o‘tkazildi, ijtimoiy roliklar tayyorlandi. Bundan tashqari, "Biz birgalikda yaxshilik qilamiz – bolalar yashaydi!" loyihasi doirasida saraton kasalligiga chalingan bolalar uchun xayriya ko‘maklari uyushtirildi.
O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi kuchaygan paytda markaz, uning faollari mamlakatimizda keng quloch yoygan saxovat va ko‘mak xayriya harakatida ham faol ishtirok etdi. Nafaqat rus, balki turli millat vakillari bo‘lgan yolg‘iz yashovchi keksalar, nogironlar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa ko‘rinishdagi moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijonda yashayotgan rus millati vakillari shu yurt fuqarosi sifatida Vatan tinchligi, ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda.
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA