“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Jahon banki va Buyuk Britaniyaning tashqi, hamdo‘stlik va taraqqiyot byurosi Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy rivojlantirish ofisi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari: O‘zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning ochilishida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov keyingi yillarda amalga oshirilgan muhim islohotlar natijasiga to‘xtaldi. Jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024 yilda 6,5 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 114,9 milliard dollarni tashkil etgani, aholi jon boshiga YAIM 39,1 million so‘mga yetgani ta’kidlandi. Shuningdek, gender siyosati sabab so‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga ko‘tarilgani, xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va ularni tizimli hal etish bo‘yicha "Xotinqizlar.uz" yagona interaktiv milliy platformasi ishga tushirilgani e’tirof etildi.
[gallery-24074]
– Bu natijalar shunchaki statistika emas, balki O‘zbekistonda barqaror va adolatli rivojlanish modelining amalga oshirilayotganiga yaqqol dalildir, – dedi Eldor Tulyakov.
Shuningdek, markaz rahbari Jahon banki tomonidan har oyda o‘tkaziladigan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” so‘rovnomasining so‘nggi natijalariga to‘xtaldi.
Davra suhbati davomida Jahon banki tomonidan 2025 yil may oyida yig‘ilgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari taqdim etildi.
Unga ko‘ra, aholining umumiy iqtisodiy holat haqidagi tasavvuri barqarorligicha qolmoqda. 2025 yil may holatiga ko‘ra, uy xo‘jaliklarining 87 foizi o‘z iqtisodiy sharoitlari yaxshilanganini bildirgan. 2025 yil boshidan beri fuqarolarning ish joyini yo‘qotishdan xavotiri sezilarli darajada kamaygan. Hozirda bu ko‘rsatkich 33 foizni tashkil etmoqda. Biroq, bu xavotir darajasi daromadga qarab sezilarli farq qilmoqda: eng kam ta’minlangan 20 foiz uy xo‘jaliklarining 46 foizi ishini yo‘qotishdan xavotirda, eng boy 20 foiz uy xo‘jaliklarida esa bu ko‘rsatkich atigi 21 foizni tashkil etmoqda.
Migratsiya bilan bog‘liq uy xo‘jaliklari ulushi 2025 yil boshidan beri 8 foizdan 15 foizgacha oshgan. Buning asosiy ikki sababi: birinchisi, xalqaro mehnat migratsiyasining mavsumiy xarakterga ega bo‘lishi – bahor va yozda migrantlar chet elga ishlashga ketadi, qishda esa qaytib keladi. Ikkinchisi esa davlat tomonidan ko‘nikma va til o‘rgatish kurslari orqali uyushgan mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash hamda migratsiya yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha faol ish olib borilishidir.
Tadqiqot davomida energetika tariflarini isloh qilish borasida fuqarolar fikri ham o‘rganilgan. Quyidagi holatlar aniqlangan: uy xo‘jaliklarining 2025 yildagi tarif islohoti va ijtimoiy me’yor haqidagi xabardorligi yuqori, biroq aholining kompensatsiya choralari borasidagi xabardorligi yetarli emas. Bu borada maqsadli guruhlarga yo‘naltirilgan ommaviy axborot kompaniyalari orqali xabardorlikni oshirish mumkin. Shuningdek, uy xo‘jaliklari elektr energiyasini tejash maqsadida energiya samarador qurilmalardan foydalanishga o‘tishni ko‘rib chiqmoqda. Bu yo‘nalishda innovatsion va maqsadli axborot yetkazish aholining qiziqishini oshirishi mumkin.
Tadbirning yana bir qismi O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga bag‘ishlandi. Jahon bankining kambag‘allik va tenglik bo‘yicha global amaliyot bo‘yicha menejeri doktor Ambar Narayan mavzu yuzasidan shunday dedi: "O‘zbekiston 2024 yilda Jahon bankining Ayollar, biznes va huquq indeksida sezilarli yutuqlarga erishganini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, hukumat joriy yilda ish joylarida gender tengligi bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Hukumat joriy yilda Mehnat kodeksiga jinsiy zo‘ravonlik va bolani parvarishlash ta’tillari to‘g‘risidagi normalarni kiritdi. Ko‘ryapmizki, mamlakat bu sohada namuna bo‘lib, Markaziy Osiyodagi va undan tashqaridagi qo‘shnilarni o‘z mamlakatlarida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun siyosiy va huquqiy harakatlarni amalga oshirishga ilhomlantirdi".
Ishtirokchilar, shuningdek, Oliy Majlis Senati, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, "Hamroh" va "Uzum" kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan panel muhokamasida O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish muammolarini muhokama qildilar.
Umidjon Qurbonov,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA