Fransiyadagi “Sauseur” nashri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11-13 mart kunlari Parijga davlat tashrifi munosabati bilan “Samarqanddan Parijgacha – bir voqea” sarlavhali maqola e’lon qildi.
Tadqiqotchi Sharif Ahmedovning ushbu maqolasida mamlakatimiz tashqi siyosati doirasida Yevropa davlatlari bilan aloqa tobora mustahkamlanayotgani ta’kidlangan.
– O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabat ildizi XIV asrga taqaladi, – deb yozadi muallif. – Ya’ni, Amir Temur va Qirol Karl VI savdo-sotiqqa yo‘naltirilgan hamkorlikka asos solgan. Tarixiy ma’lumotlar, turli yozishmalar shundan dalolat beradi.
Maqolada 2016 yildan so‘ng munosabatlarga chinakam sur’at bag‘ishlanganiga e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbarining Yevropa qit’asiga birinchi rasmiy safari Fransiyaga uyushtirilishi qator hukumatlararo kelishuvlarga yo‘l ochgan.
2018-2023 yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar hamkorlikni chuqurlashtirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga tashqi ishlar vazirliklari va parlamentlar o‘rtasidagi aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, Oliy Majlisdagi “O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik guruhi va Fransiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha parlamentlararo guruhi orqali muntazam muloqot olib borilmoqda.
Fransiyaning O‘zbekistondagi iqtisodiy ishtiroki tobora ko‘zga tashlanmoqda: davlat xizmati (Veolia, Suez, Eiffage), “yashil” energiya (EDF, Total Eren, Voltalia), qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat (Lactalis) kabi strategik sohalarga ixtisoslashgan 50 ga yaqin yirik kompaniya yurtimizda muvaffaqiyatli ish olib boryapti. O‘sish sur’atini Hukumatlararo qo‘shma komissiya, Iqtisodiy palata kabi mexanizmlar faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan 1,07 milliard yevro miqdorida moliyalashtirilgan hamkorlik dasturi Fransiyaning majburiyati ko‘lamini ko‘rsatadi. Shu bilan birga 2023-2024 yillari Samarqand va Toshkentda tashkil etilgan biznes-forumlar o‘nlab Farang kompaniyalari bilan yangi iqtisodiy shartnomalar imzolash imkonini berdi.
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘zaro tovar ayirboshlash sezilarli darajada o‘sishiga xizmat qildi. Besh yil ichida ayni ko‘rsatkich 5 barobar oshib, o‘tgan yil 1,1 milliard dollarga yetdi. Mashinasozlik va tabiiy resurslardan foydalanish kabi sohalardagi joriy loyihalar 8 milliard yevrodan oshadi.
Fransiya va O‘zbekiston madaniyat va ta’lim sohalarida ham tashabbuslarni kuchaytirmoqda. So‘nggi bir necha yil ichida arxeologiya, moda, tilshunoslik, sog‘liqni saqlash, turizm, sport sohalarida 50 dan ortiq shartnoma imzolandi.
Turizm sezilarli o‘sishni boshdan kechirmoqda. Har yili 20 000 ga yaqin fransuz yurtimizga keladi. Ayni payt 189 900 nafar o‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi va talaba fransuz tilini o‘rganmoqda. Bu orqali til va madaniy aloqa rivojlanmoqda.
Fransiyada Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek haykalini o‘rnatish, Ryuey-Malmezon va Tuluza “yashil” hududlarida “O‘zbek bog‘i” barpo etish loyihalari ham e’tiborga loyiq.
2022-2023 yillari Luvr va Arab dunyosi instituti muzeyida diyorimizga bag‘ishlab tashkil qilingan ko‘rgazma Fransiya jamoatchiligining Markaziy Osiyo boy madaniy merosidan xabardorligini oshirishga xizmat qildi.
Luvr muzeyida ochilgan “Markaziy Osiyo ulug‘vorligi. O‘zbekiston karvon yo‘llarida” va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan “Kaftanlar va choponlar” ko‘rgazmalari ham mahalliy san’at ishqibozlarida jiddiy qiziqish uyg‘otdi.
Luvr yiliga butun dunyodan 10 million atrofida sayyohni qabul qilishi nazarda tutilsa, mazkur ko‘rgazmalarning asl mohiyati yaqqol namoyon bo‘ladi.
Aytish joiz, fransuz arxeologlari O‘zbekiston hududida juda faol ishlamoqda. Maxsus ko‘rgazma kuratori, mashhur arxeolog Rokko Rante ham mamlakatlarimiz madaniy hamkorligi tobora kengayib borayotganini ta’kidlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘zaro munosabat iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga nisbatan mushtarak intilishdan kelib chiqqan holda, haqiqiy yuksalish davrini boshdan kechirmoqda.
Mamlakatimizning ochiq tashqi siyosati va Fransiyaning Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani uzoq muddatli va ikki tomonlama manfaatli hamkorlikka yo‘l ochmoqda.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA