Taxminlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash yaqin orada 1 milliard yevroga yetishi kutilmoqda. Fransiya yetakchisining yurtimizga tashrifi davomida ham bir qancha muhim hujjatlar imzolandi.
Shuningdek, Fransiya davlatidan tashrif buyurgan ishbilarmonlar doiralari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ham turli sohalar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi. Masalan, endilikda Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga charter reyslar tashkil etilib, sayyohlar almashinuvi rivojlantiriladi.
Yurtimizda Fransiyaning ko‘plab yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. O‘zbekiston Prezidenti hamkorlikni yanada rivojlantirib, Fransiya bilan qazib olish tarmog‘i, strategik xomashyo resurslarini qayta ishlash, gibrid, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy etish, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirishni qayd etgan.
Shuningdek, ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasidagi sheriklikni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushishi hamda Toshkentda “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Fransuz alyansining Samarqand shahridagi filialini ochib berdi. Markaz endilikda 200 nafargacha fransuz madaniyatiga qiziquvchilarni jamlay oladi. Markazning asosiy faoliyatiga fransuz tili va adabiyoti bo‘yicha ta’lim berish kiradi. Ikki davlat yetakchilari siyosiy muloqotni davom ettirish, xavfsizlik, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etishdi. Davlatimiz rahbari va Fransiya yetakchisining muzokoralaridan kutilayotgan natajalar haqida siyosiy sharhlovchi Abduvali Soibnazarov o‘z fikrlarini bildirgan.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/r6df9aSPJcY" title="O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari yangi bosqichga chiqmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>K. Begjanov,O‘zA