O‘zbekiston-Fransiya: Energetika sohasidagi qo‘shma loyihalar portfeli 4 milliard dollardan oshdi
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Fransiyaning “MEDEF International” tashkiloti huzuridagi O‘zbekiston-Fransiya Ishbilarmonlar kengashi raisi Klod Imoven hamda mazkur mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk bilan uchrashdi.
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar keyingi yillarda oliy darajadagi muloqotlar O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi, shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ushbu mamlakatga tashrifi va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvi amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda yangi investitsiya tashabbuslarini ilgari surish uchun mustahkam zamin yaratgani qayd etildi.
Bugungi kunda Fransiya O‘zbekistonning energetika sohasidagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda fransuz kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng uchta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Yana qiymati 1,8 milliard AQSH dollariga teng oltita istiqbolli loyiha bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Shu tariqa ikki mamlakat o‘rtasidagi energetika sohasidagi qo‘shma loyihalar portfeli 4 milliard AQSH dollaridan oshdi.
Uchrashuvda “EDF” kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 3,1 GVtdan ortiq bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyalarini barpo etish ishlarining borishi muhokama qilindi. Loyihalar mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda iste’molchilarni ishonchli elektr ta’minoti bilan ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, "TotalEnergies” va “Voltalia” kompaniyalarining qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi. Ular quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiya saqlash tizimlarini barpo etish orqali mamlakatning “yashil” energetika sohasidagi strategik maqsadlarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasidagi hamkorlik salohiyati yanada yuqori ekanini qayd etib, investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA