O‘zbekiston farzandi ekanimizdan faxrlanamiz
Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Toshkent Botanika bog‘ida “Uchinchi Renessans bunyodkorlari” shiori ostida o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumidagi ma’ruzasini surxondaryolik yoshlar ham katta qiziqish bilan o‘rganmoqda.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirini viloyat yigit-qizlari onlayn tomosha qilib, davlatimiz rahbarining ma’ruzasini e’tibor bilan tingladi. Konsert dasturini tomosha qildi. O‘zA muxbiri forumda Surxondaryodan onlayn ishtirok etgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi.
Oyatulla Ne’matov, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi:
– Mamlakatimizda keyingi yillarda yosh avlodga qaratilayotgan e’tibordan va bizga bildirilayotgan yuksak ishonchdan har qancha faxrlansak arziydi. O‘zim tog‘li Boysun tumanidagi Gaza mahallasida ulg‘ayganman. Shu yerdagi ta’lim muassasalarida o‘qidim. Jurnalistikaga qiziqish meni poytaxtga yetaklab bordi. Semestrni a’lo baholar bilan yakunlab, uyga qaytgan edim. Yoshlar kuni munosabati bilan poytaxtimizda tashkil etilgan bayram tadbirini viloyat studiyasidan tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Agar ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bundan sanoqli yil oldin ham biz, yoshlarga bu darajada g‘amxo‘rlik yo‘q edi. Mamlakatimizda yoshlar kunini katta bayram sifatida nishonlayotganimizga endi to‘rt yil bo‘ldi. Shu yillarda yoshlarga oid davlat siyosati bilan bog‘liq asrga tatigulik ishlar amalga oshirildi.
Prezidentimizning O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumidagi ma’ruzasini diqqat bilan tinglar ekanman, qisqa yilda yoshlarga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rliklarni birma-bir ko‘z oldimdan o‘tkazdim. Ta’lim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar, huquq va manfaatlarini himoya qilish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli yoshlarni munosib rag‘batlantirish, ehtiyojmand oilalar va ularning farzandlariga, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tengdoshlarimizga qaratilayotgan e’tiborning o‘zi insonni shoshirib qo‘yadi.
Davlatimiz rahbarining mazkur forumda biz, yoshlarga yana katta ishonch bildirib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda qudratli to‘lqin bo‘lib, maydonga chiqayotganimizni alohida qayd etganlaridan o‘zgacha faxr hissini tuydim. Endilikda biz ana shunday yuksak ishonchni oqlash uchun yaratilayotgan sharoitlardan oqilona foydalanib, Uchinchi Renessansga mustahkam poydevor qo‘yishimiz, o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishimiz kerak. Shunday ulug‘vor maqsadda mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega kadrlarni tayyorlash uchun yangi oliy ta’lim muassasalari barpo etilayotgani ham tahsinga sazovordir.
Forumda iqtidorli, lekin oliygohda kontrakt asosida o‘qish imkoniyati bo‘lmagan tengdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilishi, yangi o‘quv yilidan boshlab, talabalarning ta’lim krediti muddati uzaytirilib, foiz stavkalari keskin pasaytirilishi, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlariga oliy ta’lim muassasasida o‘qishning birinchi yili uchun kontraktni byudjetdan to‘lab berish tartibi joriy etilayotgani ham albatta, biz, yoshlarni Uchinchi Renessans bunyodkori sifatida tarbiyalashga da’vat etadi.
Sohiba SAMADOVA, Qiziriq tumanidagi 23- umumta’lim maktabi direktori, “Yoshlar parlamenti” a’zosi:
– Prezidentimizning forumdagi ma’ruzasini barcha tengdoshlarim qatori alohida ishtiyoq bilan tingladim. Yosh avlod hayoti bilan bog‘liq barcha masalalar chuqur tahlil qilingan ma’ruzada mamlakatimiz o‘g‘il-qizlari uchun yangi-yangi imkoniyatlar yaratilayotgani bizni behad quvontirdi. Tinch, osuda va obod O‘zbekiston farzandi ekanimizdan faxr-iftixor tuydik.
Pedagog bo‘lganim uchun ham maktablarga qaratilgan e’tibor haqida qisqacha fikr yuritishni lozim, deb topdim. Forumda davlatimiz rahbari maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish haqida so‘z yuritib, bu tizimni yo‘lga qo‘yishning bugungi kundagi ahamiyatini kesimi bilan tushuntirib berdi. Bundan buyon maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida bo‘lishi, bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan birga yo‘lga qo‘yilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bu tizimning samarali ishlashi uchun viloyat, tuman va shahar hokimlariga har yili 1 sentyabrga qadar maktablar kesimida 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish bo‘yicha ro‘yxat va dasturni mahalliy kengashlarda muhokama etib, tasdiqlash hamda Parlamentimiz palatalari ushbu talabni qonun darajasida mustahkamlash g‘oyasini ilgari surdi.
Ikkinchidan, maktablarda o‘quvchilarni kompyuterdan shunchaki foydalanuvchi emas, balki undan daromad topadigan mutaxassislar etib tayyorlash masalasini o‘rtaga tashladi. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar umumta’lim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanishini ma’lum qilib, respublikamiz bo‘yicha qo‘shimcha 5 mingta kompyuter sinflari tashkil etilishini qayd etdi. Maktablarda axborot texnologiyalari darslari zamonaviy “Kembrij” dasturlari asosida yo‘lga qo‘yilishi ham yosh avlod uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi.
Mamlakatimiz yoshlari uchun yaratilayotgan bu kabi sharoitlar zamirida chuqur ma’no bor. Zero, bugungi globallashuv davrida yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga cheksiz hurmat ruhida tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash Yangi O‘zbekistonni barpo etishda muhim o‘rin tutadi. Forumda ta’kidlanganidek, kasb-hunar egallagan inson birovga muhtoj bo‘lmaydi, buzg‘unchi g‘oyalarga berilmaydi, hayotda albatta o‘z yo‘lini topadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov yozib oldi.