Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston: Faol tashqi siyosat va mintaqaviy hamkorlik

O‘zbekistonning bugungi pragmatik mintaqaviy siyosati davlatning xalqaro nufuzini oshiribgina qolmay, barqaror, ulkan imkoniyatlarga eshik ham ochmoqda.

Joriy yil yurtimiz tashqi siyosati uchun samarali va faol kechdi. Ayniqsa, mintaqaviy ijobiy o‘zgarishlarga erishishda tashqi siyosatdagi izchillik, har qanday sharoitda davlat manfaatini himoya qilish strategiyasi, ochiqlik tufayli amaliy xalqaro ahamiyatga ega natijalarga erishildi. Dunyoning barcha davlatlari bilan o‘zaro teng huquqli va manfaatli munosabat davom ettirildi.

Qayd etish joiz, tashqi siyosiy kun tartibidagi barcha tendensiyalarni mohirlik bilan anglash va milliy manfaatni hisobga olish asosida, avvalo, yangi mintaqaviy diplomatiya O‘zbekistonning qiyofasiga aylandi.

Bularning bari mamlakatimizning nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham istiqbolidan darak beradi.

O‘zA muxbiri O‘zbekistonning faol tashqi siyosati, shuningdek yaxshi qo‘shnichilik ruhida shakllanayotgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat xususida ekspertlar fikrini yozib oldi.

Bahromjon Sotiboldiyev, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i: 

– 2016 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng O‘zbekiston tashqi siyosatida mislsiz faollik, o‘zgarishlar davri boshlandi, desak, mubolag‘a emas. Davlatimiz rahbari tashqi siyosiy faoliyatda ustuvor yo‘nalish sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro do‘stona, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini shakllantirishni ustuvor vazifa etib belgiladi. Endilikda nisbatan qisqa davr ichida bu yo‘lda amalga oshirilgan ishlarni xalqaro hamjamiyat ham tan olyapti. Darhaqiqat, O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan 2017 yil davlat rahbarlari ishtirokida maslahatlashuv kengashi tashkil etilishi muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Bu orqali yetakchilar bevosita mintaqada yig‘ilib qolgan muammolar – iqtisodiyot, davlat chegaralarini aniqlash, xavfsizlik choralari, oziq-ovqat xavfsizligi, migratsiya kabi ko‘plab muhim sohalarda hal qilinmay yotgan muammolarni yechishga yo‘l ochildi. Masalalarga birgalikda yechim topish, qolaversa har bir mamlakat milliy manfaatini inobatga olgan holda, mintaqada barqarorlik muhitini qaror toptirish, samarali tashqi siyosat olib borish takliflari ilgari surildi. 2018 yil mart oyida Ostona shahrida birinchi marta Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari birinchi maslahatlashuv sammiti bo‘lib o‘tdi. Shundan buyon davlat rahbarlari ayni formatda 6 marta uchrashdi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatni shunday tizimlashtirish, yondashuvlarni maqbullashtirish, yaqinlashtirish va birga harakat qilish nima uchun muhim, degan savol yuzaga chiqadi.

Birinchidan, O‘zbekistonda Markaziy Osiyoning, deyarli, yarim aholisi yashaydi. Shu bilan birga ayni payt Markaziy Osiyo mamlakatlari ham iqtisodiy jihatdan o‘smoqda.

Ikkinchidan, mintaqaning barcha davlatlarida tug‘ilish o‘sishi sur’ati ijobiy.

Uchinchidan, dini, o‘tmishi bir bo‘lgan xalqlarimiz bir hududda yashab, ikki daryodan suv ichadi. Ulkan salohiyatga ega mintaqamiz dunyo hamjamiyatida iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan o‘z jozibasini namoyon etish imkoniyatidan unumli foydalanishi kerak.

Ayni ustuvor vazifalarni bajarish, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun qo‘shni davlatlar birga olib borayotgan amaliy harakatlar bugun samarasini bermoqda.

Markaziy Osiyodagi keskinlik darajasi pasaygani, o‘z navbatida, xorijiy investitsiya oqimini kuchaytirdi. Yirik qo‘shma tashabbuslar, sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun, birinchidan, katta bozor kerak. Hozir shunday bozor shakllanyapti. 2030 yilgacha mintaqa aholisi 80 millionga yaqinlashadi va 30 yoshgacha bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Aynan shu yoshlar yaxshi texnologiyadan foydalangisi, qimmatroq mashina mingisi, yangi uy qurgisi keladi, shu yo‘lda harakat qiladi. Nima uchun oxirgi yillarda O‘zbekiston ta’limga urg‘u beryapti? Sababi, iqtisodiyotda inson kapitali muhim, dunyoda raqobat kuchayib borayotgan bir davrda bu masala qanchalik dolzarblashib borayotgani kundek ravshan.

Statistikaga ko‘ra, dunyoning rivojlangan mintaqalarida aholi soni o‘sishi darajasi keskin pasaygan. Bizda esa xom ashyo ham, ishchi kuchi ham bisyor. Yashil energetikani shakllantirish orqali ishlab chiqiladigan arzon energiya manbalarini biz keyinchalik eksport qilmoqchimiz. Shuning uchun tashqi investorlar Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga energetika sohasini rivojlantirish uchun sarmoya kiritishga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Sayfiddin Jo‘rayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori:

– Mamlakatimiz tashqi siyosatida namoyon bo‘layotgan ko‘p qirrali faoliyat, jumladan xorijiy davlatlar, xorijiy va mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘rnatilayotgan diplomatik munosabat, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslar, olib borilayotgan muloqotlar, birinchi navbatda, xalqimiz tinch, xavfsiz yashashi, erkin faoliyat yuritishi, zamonaviy bilim olishi, yangi kasblarni egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, uchun barcha shart-sharoitni yaratish, odamlar muhofazasini davlat tomonidan ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yetti yil O‘zbekiston tashabbusi asosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 10 dan ziyod, jumladan joriy yil 4 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Jahon banki bu yil mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 5,3 foiz o‘sishini taxmin qildi. Bu juda yuqori ko‘rsatkich. Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’tirof etganidek, 2023 yil yalpi ichki mahsulotimiz ilk bor 100 milliard dollardan oshdi.

Ma’lumki, keyingi yillarda jahonda yangidan shakllanayotgan xalqaro tartibotda ziddiyatli xususiyat vujudga kelishi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch inqirozga uchragani bilan bog‘liq. Ayni payt bir tarixiy davr tugab, bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi davr boshlanayotgani sir emas. Bunday murakkab sharoitda hech bir mamlakat o‘z qobig‘iga o‘ralib olib, ushbu global xavf-xatarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas. O‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yagona yo‘li samarali muloqot, har bir tomon manfaatini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama samarali xalqaro hamkorlikdir.

O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi maanfatini ta’minlash jarayoni so‘nggi yillarda mamlakatimizda yuz berayotgan yangi o‘zgarishlar, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni bilan uyg‘un. Davlatimiz o‘z manfaatidan kelib chiqib, mavjud vaziyatni tahlil qilib bormoqda, tegishli xulosalar chiqarib, tashqi siyosat bo‘yicha strategik qarorlar qabul qilmoqda, tegishli vazifalar ijrosini ta’minlamoqda. Bunday sharoitda O‘zbekiston hududiy yaxlitligi, suverenitetini saqlash, ishonchli sheriklar topishga harakat qilyapti va bunga erishyapti ham.

Bu borada xalq va davlat manfaatlari uyg‘unlashtirilib, 2030 yilgacha mo‘ljallangan reja belgilangan va vazifalarni hozir amalga oshirishga kirishilgan. Asosiysi, davlat manfaati ta’minlanishiga oid qoida va me’yorlar, maqsad, yo‘nalish va vazifalardan kelib chiqib, hatti-harakatlar muayyan mantiq asosida olib borilyapti.

Birinchidan, tashqi siyosatni amalga oshirishda mamlakat tinchligi va xavfsizligini himoyalash, davlat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yahlitligini muntazam ta’minlash va mustahkamlash, xavfsiz va barqaror rivojlanishi uchun qulay tashqi shart-sharoit yaratish, respublika atrofida do‘stona, yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, qolaversa vatanimizni xalqaro nufuzini oshirish davlatimiz manfaatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda. Bu harakatlar jamiyat barqaror rivojlanishi uchun fuqarolar, mulk shakldidan qat’i nazar barcha ishlab chiqarish sub’ektlarining xorijiy mamlakatlar bilan aloqalari jarayonidagi manfatlarini himoya qilish va ilgari surish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan davlat hokimiyati idoralari, keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilmoqda.

E’tiborli jihati, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqboli savdo, investitsiya, transport, energetika va innovatsiya, “yashil” texnologiya sohalaridagi munosobatlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq loyiha va dasturlar amalga oshirish, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan va madaniyat sohalarida ko‘p qirrali munosobatlarni kengaytirish,  mintaqa barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan mushohada yuritish, zamonaviy muloqotni yo‘lga qo‘yishga kirishildi. Jarayonning davomiyligi taraqqiyot drayverlarini aniqlash asosida qaror qabul qilishga shart-sharoit va imkoniyat beruvchi mexanizm sifatida o‘z o‘rniga egaligi va mintaqa rivojlanishiga  sezilarli ta’sir etuvchi tartib  ekanini ko‘rsatadi, tahlil olib borish imkonini beradi. Ushbu yangi model doirasida ilgari surilgan tashabbuslar amalga tadbiq etilishi esa yaqin kelajakda mintaqa davlatlarining strategik  rivojlanishi, pirovardida  aholi turmush darajasi oshishiga olib keladi, O‘zbekistonning Uchinchi Renessans g‘oyalari tarqalishi va jarayonning ta’siri oshishiga keng imkoniyat yaratyapti.

Markaziy Osiyo keyingi yillarda iqtisodiy o‘sish va faol investitsiya markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Jumladan, oxirgi 7 yilda mintaqa iqtisodiyoti 6,3 foiz o‘sib, 450 milliard dollarga yaqinlashdi. Tashqi savdo aylanmasi ikki barobar ko‘payib, qariyb 225 milliard dollarni tashkil etdi.

Osiyoda regional barqarorlik va xavfsizlik hamda keng qamrovli iqtisodiy bozor shakllanishi ham investorlarning mintaqaga qiziqishini oshirmoqda. Jumladan, 2016-2022 yillarda Markaziy Osiyoga investitsiya kiritilishi jahondagi umumiy hajm – 1,6 foizdan 2,8 foizga ko‘tarilib, 2022 yil qariyb 40 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2016 yil ($26,7 mlrd)ga nisbatan 50 foiz ko‘p. “Boston Consulting Group” bashoratiga ko‘ra, 2030 yilgacha Markaziy Osiyo 170 milliard dollarlik investitsiya jalb qila oladi. Shuning 40-70 milliard dollari xom-ashyo bo‘lmagan sohalarga yo‘naltiriladi.

Bugungi kunga kelib, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi barqaror tus olganini alohida ta’kidlash joiz. Hamkorlikning muhim formatlari qatorida Markaziy Osiyo iqtisodiy, parlamentlararo, ekspertlar, yoshlar, fuqarolik jamiyatlari forumlari, Yetakchi ayollar muloqoti faoliyat  yuritmoqda.

Xullas, O‘zbekiston tashqi siyosati, ayniqsa yangi mintaqaviy diplomatiyasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini har tomonlama muhokama qilishga imkon beradi. Mintaqaning tashqi dunyoga ochiqligi, hamkorlikka tayyorligi boshqa mamlakatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha olib borayotgan siyosatining o‘ziga xos xususiyatidir.

Muxtor Nazirov, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori:

– Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ochiq, amaliy, o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan faol tashqi siyosat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylandi. Ilk rasmiy tashriflar ham aynan mintaqa mamlakatlariga amalga oshirildi. Mintaqa yillar davomida to‘planib qolgan barcha og‘riqli masalalar bo‘yicha o‘zaro samarali muloqotga tayyorligi namoyon bo‘ldi.

Natijada qisqa muddatda qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatda tamomila yangi siyosiy muhit qaror topishi, siyosiy ishonch darajasi yanada oshirildi. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishi uchun yangi asoslar yaratildi, qo‘shni mamlakatlar bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suv-energetika muammolarini bartaraf etishga erishildi.

Mamlakatimiz zamonaviy taraqqiyot davrida Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdor. O‘zbekiston taraqqiyoti mintaqa umumiy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq.

Ta’kidlash joiz, Ostona shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari oltinchi Maslahat uchrashuvida ilk bor qabul qilingan “Markaziy Osiyo-2040” konsepsiyasi mintaqa istiqboliga doir yondashuvlar mushtarakligini tasdiqladi. Ushbu hujjat aniq amaliy rejalarni amalga oshirish shakli va mexanizmini belgilab berdi.

Mintaqaviy muloqot natijasi yuqori siyosiy doiralarda o‘zaro ishonch darajasi ortgani, savdo-iqtisodiy aloqalarda ijobiy ko‘rsatkich qayd etilgan, ayniqsa O‘zbekistonning chegara hududlarida o‘zaro anglashuv muhiti shakllanib, barqaror xususiyat kasb etganida kuzatildi.

Markaziy Osiyo yirik geosiyosiy kuchlar manfaati kesishgan chorrahada joylashgani mintaqada ijtimoiy-siyosiy jarayon sur’ati, o‘zgarib borayotgan ichki va tashqi konyunkturaga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Bunday sharoitda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga ehtiyotkorona yondashuv taqozo etiladi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2018 yil 22 iyunda qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiya tarixiy ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqa tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot uchun ma’suliyatni to‘liq zimmalariga olishga tayyorligini tasdiqlashdi. Bu esa mintaqamiz jahon maydonida o‘z sub’ektligini mustahkamlab olganidan dalolat.

Markaziy Osiyodagi tashqi siyosiy faoliyatimizning muhim yo‘nalishlaridan biri afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlikka erishishdir. Boisi, O‘zbekiston Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qaraydi va shu nuqtai nazardan tizimli va kompleks yondashuvga ega. Respublikamiz tashabbusi bilan 2022 yil qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash” maxsus rezolyutsiyasida Afg‘onistonning mintaqalararo savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdagi alohida o‘rni e’tirof etilgan.

Sirasini aytganda, Markaziy Osiyo “yuragi”da joylashgan, mintaqaning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega bo‘lgan yagona davlat – O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot davrini umumiy rivojlanish asnosida mintaqadan ayro tasavvur qilish qiyin. O‘ta darajada chambarchas bog‘liq kechayotgan ayni jarayonda O‘zbekiston barqarorlashtiruvchi omil sifatida muhim o‘rin egallaydi.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan faol tashqi siyosat mintaqada tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zaro munosabatda yaqin qo‘shnichilik va qardoshlik ruhini kuchaytirish, faol savdo-iqtisodiy aloqa qilish, turli sohalarda loyihalarni izchil amalga oshirish orqali strategik sheriklikni yanada mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatida ustuvor tendensiyaga aylanmoqda.

Abduvali Soyibnazarov, siyosiy sharhlovchi:

– Hozirgi zamonda global miqyosda shiddatli o‘zgarishlar yuz bermoqda, xalqaro maydonda kuchlarning yangi nisbati shakllanmoqda. Shu bilan birga yangi tahlikalar ham paydo bo‘lmoqda-ki, ayni holat dunyo davlatlarini yuzaga kelayotgan muammolarga munosib yechim topish, siyosiy va iqtisodiy strategiyalarni yangilashga majbur etyapti. Shubhasiz, bu masalalar O‘zbekiston tashqi diplomatiyasi kun tartibida doimo dolzarb. Albatta, dunyodagi jarayonlar mamlakatimiz rahbariyati tomonidan tashqi siyosiy kursni belgilash va amalga oshirishda inobatga olinadi va chuqur tahlil qilinadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro institutlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar sifat jihatidan yangi, misli ko‘rilmagan jadal bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”, “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish”, “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi va boshqa rezolyutsiyalari qabul qilindi. Tariximizda ilk bor O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashga a’zo bo‘ldi. BMT shafeligida Termiz shahrida Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun ko‘p funksiyali Markaz tashkil etildi. Bular tashqi siyosatda erishgan eng katta yutuqlarimiz.

Bunday oqilona siyosat natijasida Markaziy Osiyo mintaqasida butunlay yangi, ochiq, sog‘lom va do‘stona siyosiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar muhit yaratildi. Birinchi navbatda qo‘shni davlatlar bilan pragmatik va strategik munosabatlar mustahkamlandi va kengaytirildi. Ko‘p yillar davomida saqlanib kelayotgan chegara, suv va energiya taqsimoti, erkin harakatlanish va boshqa muammolar yechim topa boshladi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi qardosh mamlakatlar bilan bir qatorda xalqaro hamjamiyat tomonidan doim xavf-xatar o‘chog‘i sifatida ko‘rib kelingan qo‘shni Afg‘oniston bilan munosabat faollashdi. Ushbu davlatda tinchlik o‘rnatish, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash respublikamiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan pragmatik tashqi siyosatning ijobiy natijasi ekan bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof qilinmoqda.

O‘zbekiston dunyoning yetakchi davlatlari hamda hamkor mamlakatlar, jumladan Xitoy, Rossiya, AQSH, Turkiya, Vengriya, Yaponiya, Hindiston, Arab davlatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatni strategik hamkorlik darajasiga ko‘tardi. BMT, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Jahon banki kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliyaviy institutlar bilan aloqa yuqori pog‘onaga ko‘tarildi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar davrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida bugungi kundagi tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan. Strategiyada mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat sohasidagi sakkiz muhim yo‘nalish belgilangan. Ayni maqsadlar qo‘shni va yirik xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni savdo-iqtisodiy va xalqaro xavfsizlik sohalarida rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, iqtisodiyotga sarmoya, ilg‘or texnologiya va ilmiy ishlanmalarni jalb etish, yurtimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish hamda fuqarolarimiz huquqi va manfaatini himoya qilish, davlatimiz ijobiy imijini xalqaro maydonda yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Jahon hamjamiyatida Markaziy Osiyoning ahamiyati va roli oshib borayotganini mintaqa va yirik davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikning turli formatlari yo‘lga qo‘yilayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. “Markaziy Osiyo – AQSH”, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi”, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” platformalari qatoriga oxirgi yillarda “Markaziy Osiyo – Hindiston”, “Markaziy Osiyo – Xitoy” va “Markaziy Osiyo – Rossiya Federatsiyasi” singari yangi loyihalar qo‘shildi. Mazkur holat, birinchidan, mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelgan mutlaqo yangi muhit dunyoning yetakchi davlatlari tomonidan tan olinayotganini ko‘rsatsa, ikkinchidan, chet davlatlar mintaqa mamlakatlari bilan nafaqat ikki tomonlama hamkorlik doirasida, balki yagona mintaqaviy ko‘p tomonlama ham munosabatlarni rivojlantirishga ahamiyat qaratayotganidan dalolat. Shu bilan birga mintaqa hamda boshqa davlat va xalqaro institutlar o‘rtasida yangi formatlar tuzilishi Markaziy Osiyoning geosiyosiy va iqtisodiy ahamiyati oshib borishiga, shuningdek mintaqaga xalqaro munosabatlardagi yaxlit siyosiy-diplomatik sub’ekt sifatida qaralishiga olib kelmoqda.

O‘tkir ALIMOV tayyorladi. O‘zA