O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Osiyo ilmiy faoliyatini muvofiqlashtiruvchi markazga aylanadi
Xitoydagi nufuzli forumda bu haqda muhim qaror qabul qilindi
Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilayotgan Osiyo Fanlar akademiyasi (OFA) Bosh assambleyasi hamda «Bir makon, bir yo‘l: umumiy ilmiy-texnologik kelajakni shakllantirish» mavzusidagi Birinchi Osiyo yuqori darajadagi ilmiy forumida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirlar qit’amizning yetakchi olimlari, ilmiy tashkilotlar vakillari hamda fanlar akademiyalari rahbarlarini bir makonga jamlab, global ilmiy hamkorlikning yangi strategik bosqichini boshlab berdi.
Biz uchun ahamiyatlisi, delegatlarning bir ovozdan qabul qilgan qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga Osiyo Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish maqomi va vakolati berildi.
Bu haqda Akademiya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tarixiy qaror mamlakatimizning xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini yanada yuksaltirib, qit’a miqyosidagi institutsional aloqalarni mustahkamlash, o‘zbekistonlik olimlarning global loyihalardagi ishtirokini kengaytirish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqotlarni jadal rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bosh assambleyaning yalpi majlisida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.Ayyupov mamlakatimizda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ilm-fanning raqobatbardoshligini oshirish, milliy ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga samarali joriy etishda muhim poydevor bo‘layotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bugungi kunda dunyo yuz tutayotgan global muammolarni muvaffaqiyatli hal etish faqatgina fundamental fan, amaliy tadqiqotlar va ilg‘or texnologiyalarning o‘zaro chambarchas integratsiyasi orqali amalga oshishi qayd etildi.
Anjumanda xalqaro ilmiy hamkorlikning ustuvor va kechiktirib bo‘lmaydigan yo‘nalishlari sifatida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, zamonaviy biotexnologiyalar, sun’iy intellekt, seysmik xavfsizlik hamda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish masalalari belgilab berildi. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalaridan mas’uliyatli foydalanish, ilmiy infratuzilmalarni tubdan modernizatsiya qilish hamda iqtidorli yosh olimlar uchun keng xalqaro imkoniyatlar yaratish mavzulari barchaning diqqat markazida bo‘ldi.
Tadbir davomida mintaqaviy va xalqaro amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, qo‘shma ilmiy-tadqiqotlarni kengaytirish, akademik mobillikni kuchaytirish va yosh tadqiqotchilarning yirik xalqaro ilmiy loyihalardagi ishtirokini oshirish taklif etildi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining kelgusidagi asosiy maqsadi — erishilgan ulkan kelishuvlarni mamlakatimiz jamiyati va iqtisodiyotining real ehtiyojlariga xizmat qiladigan amaliy yechimlar, innovatsion yutuqlar va samarali loyihalarga aylantirishdan iborat.
Mohigul Qosimova,
O‘zA