Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi ishtirokida O‘zbekistonning ilmiy-ma’naviy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etib, madaniy, fan-ta’lim va ilmiy izlanishlar maskaniga aylanmoqda.
Toshkentda, qadimiy qo‘lyozmalar zamonaviy laboratoriyalar bilan yonma-yon joylashgan zallarda, boy tariximizning yangi madaniy sahifasini yaratmoqda. Bu jarayonda hal qiluvchi o‘rinni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi egallamoqda. Mamlakatimizning mazkur bosh ilmiy muassasasi vaqt sinovidan muvaffaqiyatli o‘tibgina qolmay, bugungi kunda fan va ma’naviy meros uyg‘un rivojlanadigan kelajakni shakllantirayotgan maskan hamdir.
1943 yil tashkil etilgan mamlakatimiz Fanlar akademiyasi ko‘p yil mobaynida davlatimizning ilmiy infratuzilmasi tayanchi bo‘lib keldi. Binobarin, Akademiya prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni, matematik Shavkat Ayupov ta’kidlaganidek, ayniqsa so‘nggi yillar tub o‘zgarishlar davri bo‘ldi.
– 2017 yildan buyon biz ham fan, ham ma’naviy taraqqiyot qayta uyg‘onishiga guvoh bo‘ldik, – deydi olim. – Fanlar akademiyasi ushbu yangi davrda hal qiluvchi o‘rin tutmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Yangi faoliyat yo‘nalishining eng yorqin qirralaridan biri Fanlar akademiyasining O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishdagi faol ishtirokidir. Bu markaz nafaqat muzey yoki diniy arxiv, balki ilmiy tadqiqot, ta’lim va madaniy diplomatiyani birlashtirgan keng qamrovli platforma hisoblanadi. Fanlar akademiyasi vazifalarida ham aks etgan ushbu loyiha bugungi kunda faqat ilm-fan sohasi bilan cheklanib qolmay, respublikamizning jahon ziyo va madaniyat makonidagi o‘rnini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Umuman, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik ham poydevoriy, ham strategik ahamiyatga ega. Akademiya markazni ilmiy ta’lim muassasasi sifatida shakllantirishga ko‘maklashmoqda, ko‘rgazma konsepsiyalarini ishlab chiqish va ilmiy jihatdan ustuvor yo‘nalishlarni belgilash jarayonida faol ishlamoqda.
Yangi vazifa
Ayni payt yo‘lga qo‘yilgan bu sheriklik Akademiyaning jadal o‘zgarish jarayonini namoyon etadi. Muassasa an’anaviy ilmiy maskandan mamlakat taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuchga aylanmoqda. Fan va madaniyat uyg‘onishining ushbu yangi bosqichi 2017 yildan buyon ilmiy va ma’naviy sohalarda keng ko‘lamli islohotlarga bosh bo‘lgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi tufayli ro‘yobga chiqmoqda.
Shundan beri Fanlar akademiyasi faoliyati ikki yo‘nalishda rivojlanmoqda: asosiy ilmiy tarmoqlar bilan birga amaliyotga yo‘naltirilgan tadqiqot orqali jamiyatning dolzarb muammolari – energetika xavfsizligi, jamoat salomatligi, atrof-muhit barqarorligi kabi masalalarni hal etishga qaratilgan ishlarni olib bormoqda. Bundan tashqari yangi avlod olimlarini tarbiyalash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy faoliyatga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ham faol sa’y-harakatlar jadallashgan.
Islom merosini ulug‘lash
Bu jarayon Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida to‘liq aksini topgan. Asosiy maqsad – Islomni faqat din sifatida emas, balki ilm-fan, bag‘rikenglik va taraqqiyotga turtki beradigan tarixiy kuch sifatida jamiyat ongiga singdirish. Markaz Muhammad Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy kabi ulug‘ mutafakkirlarimiz merosi orqali Islom sivilizatsiyasining tibbiyot, astronomiya, matematika va falsafa rivojiga qo‘shgan hissasini tahlil etadi. Hamkor sifatida Fanlar akademiyasi ushbu meros nafaqat ehtirom, balki ilmiy aniqlik va qat’iyat bilan talqin qilinishini ta’minlaydi.
Markaz faoliyati ilmiy va madaniy sohalarni qamrab oladi. Tarmoqlararo tadqiqotlar tarixchi, filolog va dinshunoslarni, tabiiy fanlar vakillarini birlashtiradi. Ta’lim dasturlari bir necha tildagi offlayn va onlayn kurslarni o‘z ichiga oladi, muzey zallari esa Islom olamining turli hududlaridan to‘plangan artefaktlarni namoyish qiladi. Eksponatlar orasida “Sotheby’s” va “Christie’s” to‘plamlaridan olingan qo‘lyozmalar ham mavjud. Qur’oni karim zali Markazning asosiy qismidir. Bu bo‘limda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi.
Xalqaro hamkorlik
Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi ko‘magi bilan allaqachon xalqaro maydonda e’tibor qozonib, hamkorlik maydoniga aylangan. Misr, Malayziya, Marokash va Saudiya Arabistoni yetakchi muassasalari bilan sheriklik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari imzolangan. Shuningdek, YUNESKO va boshqa nufuzli tuzilmalar turli loyihalarga jalb etilgan.
– Markaz Islom sivilizatsiyasining mazmun-mohiyatini ochib berish maqsadida dunyo bo‘ylab olim va tadqiqotchilar, madaniy muassasalarni birlashtiruvchi muhim muloqot maydoniga aylanmoqda, – deydi Shavkat Ayupov.
Kelajak uchun muloqot
Ko‘rgazma va xalqaro kelishuvlardan tashqari markaz turli din va madaniyat vakillari, shuningdek avlodlar o‘rtasida muloqot muhitini yaratishga intilmoqda. O‘zbekiston Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratar ekan, Fanlar akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazi faqat o‘tmish merosini asrab-avaylabgina qolmasdan, balki yana bir bor diyorimizni fan va sivilizatsiya chorrahasiga aylantiradigan kelajakni shakllantirmoqda.
Akademiya rahbari ta’kidlaganidek, ayni jarayon Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarida ham yaqqol ifodalangan:
– Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, Islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi.
O‘zA