O‘zbekiston Fanlar akademiyasi — 80 yoshda!
Joriy yil O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligi keng tarzda nishonlanmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Sharafova ishtirokida brifing tashkil etildi.
Unda ma’lum qilinishicha, akademiya tizimida 3 ta mintaqaviy bo‘lim, 3 ta muzey va 35 ta ilmiy tashkilot mavjud. Ularda jami 2,8 ming nafar ilmiy xodim, shu jumladan 831 nafar falsafa doktori (PhD) va 490 nafar fan doktori (DSc) faoliyat yuritmoqda. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasida akademiya tizimida 933 nafar (shundan 87 nafar doktorant, 699 nafar tayanch doktorant va 147 nafar stajyor-tadqiqotchi) izlanuvchi tahsil olmoqda.
So‘nggi 4 yilda akademiya izlanuvchilari tomonidan 604 ta dissertatsiya himoya qilindi. Akademiya ilmiy tashkilotlari tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida 143 ta loyiha amalga oshirildi.
Akademiyaning ilmiy tashkilotlari tomonidan Scopus xalqaro ma’lumotlar bazasiga kirgan jurnallarda 2 mingdan ziyod maqolalar chop etildi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va sohalarga joriy etish orqali 6 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, davlat ilmiy dasturlari doirasida 28 ta fundamental (94 milliard so‘m), 65 ta amaliy (112.5 milliard so‘m), 14 ta innovatsion (19 milliard so‘m) va 36 ta innovatsion (24 milliard sum so‘m) xalqaro ilmiy loyiha bajarilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA