Shu kunlarda O‘zbekiston ilm-fanida muhim sana – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil topganining 80 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 80 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Faxriy mehmonlar, xalqaro miqyosdagi nufuzli olimlar, xorijiy davlatlar fanlar akademiyalari prezidentlariga tabrik so‘zlari berildi.
— 80 yil mobaynida Fanlar akademiyasi katta va murakkab yo‘lni bosib o‘tdi, — deydi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev. — Shu davr mobaynida Fanlar akademiyasi umume’tirof etilgan, jahon ilmiy jamoatchiligining nufuzi hamda hurmatini qozongan ilm-fan markaziga aylandi.
O‘zbekiston ilm-fani uzoq yillik tarixga ega bo‘lib, bu zaminda Xorazmiy, Farg‘oniy, Farobiy, Mahmud Zamaxshariy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur singari buyuk mutafakkir va olimlar jahon fani va madaniyati tarixidan abadiy o‘rin oldi.
Shu boisdan Ikkinchi jahon urushi avji qizigan kezlarda – 1943 yilning 4 noyabrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining barpo etilishi ming yilliklarga daxldor o‘zbek ilm-fanida yangi bir davrning boshlanishi bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/p8krTJimTeE" title="Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi 80 yoshda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Fanlar akademiyasining buguni haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, yurtimizda tom ma’noda dunyoga mashhur allomalarning izdoshlari yetishib chiqmoqda. Xususan, ilm yo‘lida izlanayotgan yoshlarimizning bir qanchasi TWAS (Jahon fanlar akademiyasi) akademiyasining qator mukofotlarini qo‘lga kiritgan. Jumladan, o‘zbek matematiklaridan 4 nafari Jahon fanlar akademiyasi akademigi, 6 nafari TWAS’ning yosh olimlar bo‘limi a’zosi sanaladi.
Akademiya olimlari safiga tirishqoq yoshlar qo‘shilishda davom etmoqda. Ular o‘zbek ilm-fanining kelajagidir. Qolaversa, yoshlarning ilmiy tadqiqotini qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning ilmiy izlanishi asosida mahalliy xomashyodan import o‘rnini bosuvchi, eksportbop ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, olimlarimiz monosilan va polikristall kremniy olishning yangi texnologiyasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur ishlanma O‘zbekiston, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Tayvan va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida patent bilan himoyalangan.
Shuningdek, tadbir davomida Fanlar akademiyasi tashkil etilishi va rivojlanishi hamda mustaqillik yillarida fanning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan “Uchinchi Renessans poydevori” nomli hujjatli film hamda O‘zbekiston san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Ertaga, 13 dekabr kuni Fanlar akademiyasida yubiley tadbirlarga tashrif buyurgan chet ellik mehmonlar, fanlar akademiyalari prezidentlarining hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etiladi.
N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), O‘zA