O‘zbekiston – ezgu va ulug‘vor g‘oyalar tashabbuskori
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 17 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga davlat rahbarlarining yubiley majlisi bo‘lib o‘tdi.
Sammitda SHHTning 20 yillik faoliyati asosiy yakunlari hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning istiqboldagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
2001 yilning iyunida Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan ta’sis etilgan SHHTga oradan 15 yil o‘tib, Hindiston va Pokistonning qo‘shilishi, Eronning a’zo bo‘lish istagidagi harakatlar bugun tashkilotni dunyodagi eng nufuzli va yirik tuzilmagan aylantirdi. Tashkilot a’zolarining umumiy hududi Yevroosiyoning 60 foizini, nufus jihatidan esa dunyo aholisining qariyb yarmini tashkil qilmoqda. SHHT bugun sakkizta a’zodan tashqari to‘rtta kuzatuvchi, uchta kuzatuvchilikka nomzod, shuningdek, oltita «muloqot bo‘yicha sherik» maqomiga ega mamlakatlarni birlashtirmoqda.
Ta’kidlash lozim, tashkilot mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, a’zo mamlakatlar uchun foydali loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil qilingan edi. Unda barcha davlatlar teng huquqli bo‘lib, tashkilot boshqa mamlakatlar manfaatlariga qarshi qaratilmagan va harbiy blok xususiyatiga ega bo‘lmagan tamoyillar asosida faoliyat ko‘rsatishi belgilangan. Tashkilot doirasida qabul qilingan har qanday qaror a’zo mamlakatlar tomonidan to‘la ma’qullangandagina kuchga kiradi. Bunday omillar SHHTni siyosiy barqarorlikni kafolatlash, xavfsizlikni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan dunyodagi eng yirik tuzilmaga aylantirdi.
Bugun ochiqlik va oshkoralik, o‘zgalar ishiga aralashmaslik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, insonparvarlik va demokratik tamoyillarni bosh maqsad bilgan O‘zbekistonning ham bu tashkilotda o‘z o‘rni, so‘zi va roli bor. Chunki Markaziy Osiyoning nafaqat xavfsizligi, balki iqtisodiy taraqqiyotini ham O‘zbekistonsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, rasmiy Toshkent tomonidan bildirilgan har qanday taklif va tashabbuslar olqishlanib, mamnuniyat bilan qabul qilinib kelinmoqda.
Dushanbe sammitida so‘zga chiqqan O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev bu gal ishtirokchilar e’tiborini Afg‘oniston masalasiga qaratib, bu borada o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish hamda axborot xavfsizligini kuchaytirish lozimligini ta’kidladi. Ya’ni, sa’y-harakatlarni birlashtirish va ushbu mamlakatdagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilish masalalarini keng muhokama qilish maqsadida «SHHT – Afg‘oniston» formatida, kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarni jalb qilgan holda yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazishni taklif etib, birinchi shunday uchrashuvni Toshkentda o‘tkazishni taklif qildilar.
Sammitda ushbu nufuzli tashkilotga 2021-2022 yillarda raislik qilish O‘zbekistonga o‘tishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Davlatimiz rahbari bunday sharafli va mas’uliyatli vazifani mamnuniyat bilan qabul qilib, mamlakatimizning SHHT raisligidagi ustuvor vazifalarni ma’lum qildi.
SHHTning nufuzi va salohiyatini yanada oshirish, savdo aloqalarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish, sanoat kooperatsiyasi dasturining qabul qilinishini jadallashtirish, Transport logistikasini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish, axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar forumini ta’sis etish, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi «Yo‘l xaritasi»ni qabul qilish shular jumlasidandir.
Albatta, davlatimiz rahbari tomonidan taklif qilingan ushbu ustuvor vazifalar nafaqat SHHTga a’zo davlatlar, balki dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash orqali butun insoniyat farovonligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Zero, O‘zbekiston har doim ezgu va ulug‘vor g‘oyalar tashabbuskori bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
Ahmadjon G‘ANIEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati