O‘zbekiston-Eron: Buxoroda biznes forum
Buxoroda O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Tehrondagi elchixonasi, Savdo-sanoat palatasi, Buxoro viloyat hokimligi hamda Eron tomoni hamkorligida O‘zbekiston – Eron biznes-forumi o‘tkazildi.
Forum ochilishida Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov va Eronning Razaviy Xuroson viloyat gubernatori G‘ulomhusayn Muzaffariy so‘zga chiqib, mazkur tadbirning ahamiyati va undan kutilayotgan natijalarga to‘xtaldi.

Viloyat tadbirkorlari va Eron Islom Respublikasi kompaniyalari hamkorligida hozirda 12 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, Eron Islom Respublikasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan 7 ta davlatlardan biridir.

Tadbirda sanoat, turizm, innovatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat, qurilish materiallari, dori-darmon va farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika va muhandislik sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilishning eng istiqbolli yo‘nalishlari hamda ustuvor tarmoqlarda Buxoroning investitsiyaviy salohiyati va tayyor loyiha takliflari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.

O‘zaro hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni faol jalb qilish bo‘yicha ikki viloyat rahbarlari o‘rtasida kelishuvlar imzolandi. Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida teng manfaatli hamkorlik yuzasidan kelishib olindi. Eron biznes doiralari vakillari va Buxoro viloyati ishbilarmonlari o‘rtasida “V2V” formatdagi muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri