“O‘zbekiston ehtiromi” ordeni ta’sis etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston ehtiromi” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli tashqi siyosati natijasida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalari izchil kengayib bormoqda. Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarni hal etish, yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, savdo aloqalarini rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni kuchaytirish borasida tarixiy natijalarga erishilmoqda.
Mazkur jarayonlarda xorijiy davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari hamda boshqa xorijiy hamkorlarning shaxsiy tashabbuslari va amaliy hissasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi bilan strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, yirik iqtisodiy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda alohida xizmat ko‘rsatgan xorijiy shaxslarni munosib taqdirlashning huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurati mavjud.
Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi oldidagi alohida xizmatlarni e’tirof etishga, chet el davlatlar fuqarolarini mukofotlashga qaratilgan yangi davlat mukofoti — “O‘zbekiston ehtiromi” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, mazkur orden ikki darajada bo‘lib, “Oliy darajali O‘zbekiston ehtiromi” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi bilan har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini barqaror rivojlantirishda, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni hal qilishda yuksak iroda namoyon etgan, tinchlik, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga hissa qo‘shgan, madaniy va iqtisodiy diplomatiya orqali xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik va birdamlikni ta’minlash, xorijiy hamkorlar bilan savdo aloqalarni kengaytirishda katta natijalarni qo‘lga kiritgan hamda O‘zbekiston Respublikasi oldidagi alohida e’tirof etilgan yuksak xizmatlari uchun xorijiy davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda xorijiy davlatlarning atoqli davlat va jamoat arboblari mukofotlanadi.
Shuningdek, “O‘zbekiston ehtiromi” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi xalqining yuksak hurmat va e’tirofi ramzi sifatida mamlakatimiz manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish, O‘zbekiston Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, tinchlik, barqarorlik va o‘zaro ishonchni ta’minlashga qo‘shgan salmoqli hissasi, shuningdek, davlat va jamiyat rivojiga xizmat qilgan alohida xizmatlari uchun xorijiy davlat va jamoat arboblari, yirik kompaniyalar rahbarlari, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari hamda insonparvarlik va xayriya faoliyati bilan davlat va jamiyat manfaatlari uchun salmoqli hissa qo‘shgan xorijiy davlatlar fuqarolari mukofotlanadi.
Mazkur ordenning ta’sis etilishi xorijiy hamkorlarning O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini munosib e’tirof etish, davlatlararo do‘stlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
M.Komilova, O‘zA