Koronavirus bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyatga qaramasdan mamlakatimiz sportchilari, xususan dzyudochilarimiz Tokioda o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Har jihatdan murakkab va ruhiy bosim ostidagi shiddatli bahslar natijasiga ko‘ra, Davlat Bobonovning bronza medaliga sazovor bo‘lishi, yurtimiz dzyudochilarining olimpiya o‘yinlari tarixida ilk bor to‘liq tarkib bilan va jamoaviy musobaqalarda ishtirok etganligi o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.
Olimpiya o‘yinlari yakunlanishi bilan ko‘pgina sport turlarida bo‘lgani kabi dzyudo sport turida ham rejaga binoan ichki va tashqi musobaqalar, turnir va o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari boshlanib ketdi. Xo‘sh, Tokio olimpiadasida ishtirok etgan sportchilarimiz, umuman mamlakatimiz dzyudochilarining keyingi faoliyatida qanday o‘zgarish va yangiliklar kutilmoqda? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bilan bog‘landik.
Federatsiya matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda o‘smirlar terma jamoasi a’zolari Qozonda o‘tkazilayotgan 1-MDH o‘yinlarida ishtirok etayotgan bo‘lsa, kattalar va yoshlar terma jamoalarining barcha a’zolari reja asosida o‘z mashg‘ulot maskanlarida shug‘ullanmoqda.
Tokio olimpiadasi ishtirokchilaridan Sharofiddin Lutfullayev professional faoliyatini yakunlab, Surxondaryo viloyatida murabbiylikni boshlagan bo‘lsa, Tokio olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonovdan boshqa barcha olimpiyachilar joriy yilning 1-3 oktyabr kunlari Xorazmda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston kubogi va dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mamlakat chempionatida qatnashadi. Aynan mazkur musobaqalar orqali keyingi yillar mobaynida Vatanimiz sharafini xalqaro dzyudo musobaqalarida himoya qiladigan O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibi shakllantiriladi.
Shuningdek, taqvim rejaga binoan joriy yilning oktyabr oyida o‘tishi belgilangan Uchqun Murodov turniri ham iqtidorli dzyudochilarni saralashda muhim bellashuv maydoni hisoblanadi. Federatsiya mutaxassislarining bildirishicha, hozirda terma jamoa a’zolarini Tokio olimpiadasiga tayyorlagan murabbiylar faoliyati, ish uslubi, yutuq va kamchiliklari har tomonlama chuqur tahlil qilinmoqda. O‘zbekiston terma jamoasini keyingi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi bo‘lgan Parij olimpiadasiga qaysi murabbiylar, mutaxassislar tayyorlashi borasidagi yakuniy xulosa ushbu o‘rganish va tahlillardan keyin e’lon qilinadi.


To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA