O‘zbekiston Yevropa ilg‘or uglerod va grafit materiallari uyushmasining (ECGA) to‘laqonli a’zosiga aylandi. Bu orqali mamlakat global grafit sanoati markaziga Markaziy Osiyodagi ilk davlat sifatida qo‘shildi.
Belgiya poytaxti Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati boshqaruv raisi o‘rinbosari Amir Abidov xalqaro hamjamiyatga kombinatning ilmiy-tadqiqot ishlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik salohiyati haqida taqdimot o‘tkazdi. Texnologik metallar kombinatining ilmga asoslangan yondashuvi va mintaqaviy yetakchilik pozitsiyasi ECGA a’zolari tomonidan yuksak baholandi.

– Agar birgalikdagi hamkorligimiz izchil davom etsa, bu Yevropa Ittifoqi uchun strategik resurslar ta’minotida muhim o‘rin egallaydi. Ushbu platforma texnologik taraqqiyot, sanoat integratsiyasi va bilim almashinuvi borasida katta imkoniyatlar yaratadi, – deydi uyushma bosh kotibi Korina Xebestreyt.

Ushbu uyushmaga a’zolik O‘zbekistonga Yevropaning yetakchi ilmiy markazlari bilan hamkorlik, grafit va uglerod texnologiyalarini O‘zbekistonga transfer qilish, xalqaro malaka dasturlarida ishtirok etish, R&D va yashil texnologiyalar yo‘nalishida tajriba almashinuvi kabi imkoniyatlarni taqdim etadi.
Ma’lumot uchun: ECGA – 33 mamlakat vakillarini birlashtirgan nufuzli platforma bo‘lib, grafit va uglerod materiallari sohasida ilg‘or texnologiyalar, ilmiy markazlar va ishlab chiqaruvchilarni bir joyga jamlaydi.
OKMK Axborot xizmati