Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 4-5 mart kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi Vena shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar O‘zbekiston va XAEA o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, yadroviy texnologiyalar va xavfsizlik sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi.

Muloqot chog‘ida Rafael Grossi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, 2024 yil 4-5 dekabr kunlari Toshkent va Samarqandga amalga oshirilgan rasmiy tashrif ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan muhim yutuqlarning yaqqol tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvda “Yo‘l xaritasi“ doirasidagi bir qator loyihalar muhokama qilindi. Jumladan, “Umid nurlari“, “ZODIAC” tashabbuslari hamda radiatsion va izotop texnologiyalar sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, mutaxassislar malakasini oshirish Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti filialida kichik modulli reaktorlar bo‘yicha maktab tashkil etish taklifi ham ilgari surildi. Shuningdek, O‘zbekistonning paxtachilik sohasida XAEA xalqaro standartlarini joriy etishi masalasi muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv yakunida XAEA rahbari O‘zbekistonning atom energetikasi va yadroviy texnologiyalar sohasidagi strategik tashabbuslarini ijobiy baholab, ularning innovatsion va istiqbolli ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, mamlakatimizning xalqaro hamkorlikka sodiqligini qayd etib, uni XAEAning mintaqa bo‘yicha asosiy hamkorlaridan biri sifatida e’tirof etdi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA