O‘zbekiston delegatsiyasi VII Butunjahon madaniyatlararo muloqot forumida ishtirok etdi
Butunjahon madaniyatlararo muloqot forumi turli madaniyat va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, umumiy qadriyatlar asosida tinch va barqaror kelajakni shakllantirishga qaratilgan xalqaro muloqot maydoni sanaladi.
Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida “Bo‘lingan dunyoda umumiy kelajak uchun muloqot: ko‘priklar qurish” shiori ostida VII Butunjahon madaniyatlararo muloqot forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malik, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari – Sivilizatsiyalar alyansi Oliy vakili Migel Anxel Moratinos hamda ko‘plab xalqaro tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham qatnashdi. Delegatsiya rahbari o‘z chiqishida O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, millatlararo totuvlik va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda tajribalar haqida atroflicha fikr-mulohaza bildirdi.

M. Komilov o‘z nutqida mazkur forum global tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot maydoni ekanini alohida ta’kidladi.
Anjuman davomida madaniyatlararo va dinlararo muloqotni rivojlantirish, tinchliksevarlik g‘oyalarini ilgari surish, turli xalqlar hamda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi hamkorlik ko‘priklarini kengaytirish, shuningdek, global muammolarga hamjihatlikda yechim topish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Anjuman doirasida Ozarbayjon Diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda BMT Sivilizatsiyalar alyansi hamkorligida “Dinlararo muloqot: umumiy kelajak sari yo‘l xaritasi” mavzusida yalpi majlis tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini bog‘lab turgan mushtarak tarixiy ildizlar, boy madaniy meros va azaliy do‘stlik rishtalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy ijodi ikki xalqning ma’naviy yaqinligi hamda mushtarak adabiy merosining yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.
Majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov mamlakatimizning boy islomiy va umuminsoniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni kengaytirish ahamiyatiga to‘xtaldi.
Shuningdek, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashda ta’lim tizimining o‘rni, yoshlar bilan ishlash hamda raqamli davrda sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish borasidagi xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA