O‘zbekiston delegatsiyasi Pekinda xalqaro treningda ishtirok etmoqda
Ayni kunlarda Pekin shahrida tibbiy jihozlarni tartibga solish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Advanced Medical Devices Empowering Global Public Health” mavzusida 5-GHWP (China) Academy xalqaro treningi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu xalqaro tadbir doirasida tibbiy jihozlarni tartibga solish, xalqaro uyg‘unlashtirish, regulyator organlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda innovatsion tibbiy texnologiyalarni tartibga solishning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan sessiyalar tashkil etilmoqda.
Treningda GHWPga a’zo mamlakatlar va hududlarning regulyator organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tibbiyot tashkilotlari hamda tibbiy jihozlar sohasi vakillari ishtirok etmoqda. Tadbir dasturidan ekspertlar ma’ruzalari bilan birgalikda, muhokamalar, davra suhbatlari, amaliy treninglar va xalqaro tajriba almashinuvi sessiyalari ham o‘rin olgan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur xalqaro tadbirda Markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Trening doirasida tibbiy jihozlarni tartibga solishning zamonaviy yo‘nalishlari, jumladan, regulyator ilm-fani, innovatsion tibbiy jihozlarni ekspertizadan o‘tkazish, sun’iy intellekt va raqamli sog‘liqni saqlash texnologiyalarini tartibga solish, klinik baholash hamda Real-World Evidence — real klinik amaliyot ma’lumotlaridan foydalanish masalalari muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu tadbirdagi ishtiroki tibbiy jihozlarni tartibga solish sohasida xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or regulyator yondashuvlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan professional aloqalarni yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov GHWPning regulyator organlar yo‘nalishi bo‘yicha rais o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu esa O‘zbekistonning tibbiy jihozlarni tartibga solish sohasidagi xalqaro hamkorlik va uyg‘unlashtirish jarayonlaridagi faol ishtirokini namoyon etadi.
Ma’lumot uchun GHWP — tibbiy jihozlarni tartibga solish tizimlarini xalqaro miqyosda uyg‘unlashtirish, regulyator organlar o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro ishonchni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro platforma bo‘lib, tashkilot faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri a’zo mamlakatlar va hududlarning regulyator salohiyatini oshirish, shuningdek, tibbiy jihozlarning xavfsizligi, sifati va samaradorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirishdan iborat.
Mohigul Qosimova, O‘zA