O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyaning ilg‘or o‘rmonchilik tajribasini o‘rgandi
O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Ispaniyaning Palensiya shahrida o‘rmonlarni barqaror boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashuv hamda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha ilg‘or amaliy tajribani o‘rgandi.
Tashrif BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Global ekologik fond (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning tog‘li va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Delegatsiya tarkibida FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, loyiha koordinatori Azizbek Abdumuxtorov, O‘rmon xo‘jaligi agentligi vakillari borligini qayd etish kerak.
Dastur davomida delegatsiya Palensiya o‘rmon hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, dala amaliyotlari va zamonaviy boshqaruv yondashuvlari bilan yaqindan tanishdi. Ishtirokchilar o‘rmonchilik tamoyillari, turli yoshdagi daraxtlardan tashkil topgan o‘rmonlarni boshqarish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida o‘rmon ekotizimlarining barqarorligini oshirish masalalarini o‘rgandi.
FAOning O‘zAga ma’lum qilishicha, delegatsiyamiz a’zolari Bosque Modelo Palencia prezidenti Roberto Alonso boshchiligida o‘rmonlarda daraxtlarni belgilash amaliyotini ham kuzatdi.

– O‘rmonlar bioxilma-xillikni saqlash, suv resurslarini muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Palensiyada o‘rganilgan tajriba O‘zbekistonda tabiatga yaqin o‘rmonchilik yondashuvlarini kengaytirish hamda o‘rmonlarni uzoq muddatli barqaror boshqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.
Tashrif davomida o‘rmon gidrotexnikasi bilan bog‘liq ob’ektlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Suv oqimlarini tartibga solish, eroziyaning oldini olish, tuproqni ushlab qolish va o‘rmon hududlarida gidrologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy yechimlar o‘rganildi.
Palensiyada o‘rganilgan tajriba O‘zbekiston sharoitida ham dolzarb ahamiyatga ega. Xususan, tog‘oldi va eroziyaga moyil hududlarda tosh-gidrotexnik inshootlardan foydalanish, suv oqimini sekinlashtirishga oid yondashuvlar o‘rmonlarning himoya funksiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
– Palensiya o‘rmonida qo‘llanilayotgan tabiatga yaqin yondashuvlar O‘zbekiston sharoitida ham amaliy ahamiyatga ega ekaniga ishonch hosil qildik. Ayniqsa, har bir daraxtni individual baholash, tabiiy tiklanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘rmonlarning ekologik barqarorligini saqlashga qaratilgan usullar samarali tajriba bo‘ldi. Dehqonoboddagi tog‘oldi va qurg‘oqchil hududlarda bunday yondashuvlarni mahalliy sharoitga moslashtirish o‘rmonlarning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish, tuproq eroziyasining oldini olishga yordam beradi, – dedi Dehqonobod o‘rmon xo‘jaligi direktori Abdurauf Nortojiyev.

Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA