O‘zbekiston delegatsiyasi Guanchjouda ilg‘or farmatsevtika va agrotexnologik yechimlar bilan tanishmoqda
Xitoyning Guanchjou shahriga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligi vakillari "Guangzhou Pharmaceuticals" guruhi tarkibidagi yetakchi farmatsevtika korxonalaridan biri faoliyati bilan tanishdi.
Safar davomida mehmonlarga farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va qadoqlash bo‘yicha zamonaviy avtomatlashtirilgan liniyalar, shuningdek ombor xo‘jaligi va ta’minot jarayonlarini samarali boshqarishga xizmat qiluvchi intellektual logistika majmuasi imkoniyatlari taqdim etildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda sharq tabobatini rivojlantirish istiqbollari, farmatsevtika ishlab chiqarishi, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya dorivor o‘simliklarni yetishtirish sohasida joriy etilgan innovatsion yechimlar bilan tanishdi. Kompaniya mutaxassislari tuproq holati va ekinlarni real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beruvchi smart-texnologiyalar, shuningdek resurslardan samarali foydalanish va ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashga qaratilgan energiya boshqaruvi tizimlarini namoyish etdi.
"Guangzhou Pharmaceuticals" vakillari O‘zbekistonda kuzatilayotgan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari, biznes muhitdagi ijobiy o‘zgarishlar hamda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan qulay sharoitlarni yuqori baholab, mamlakat farmatsevtika bozori imkoniyatlarini yanada chuqur o‘rganish va hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Xizmat safari davom etmoqda. Dastur doirasida farmatsevtika, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga qaratilgan qator uchrashuvlar va korxonalar faoliyati bilan tanishish rejalashtirilgan.
Mohigul Qosimova,
O‘zA