O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusda ekologik tajriba almashdi
O‘zbekistonlik ekolog-ekspertlar Belarusda malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli yakunladi
Belarus Respublikasida bo‘lib o‘tgan xizmat safari doirasida Davlat ekologik ekspertizasi markazi delegatsiyasi uchun ekologik ekspertiza va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator uchrashuvlar hamda amaliy tadbirlar tashkil etildi.
Malaka oshirish dasturi yakunida Belarus Davlat ekologik ekspertizasi, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillariga maxsus sertifikat topshirildi.
Tadbir davomida markaz direktori Tatyana Dubik qatnashchilarning faol ishtiroki, professional muloqotga ochiqligi va xalqaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqishini yuqori baholadi. Shuningdek, u kelgusida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, dastur mobaynida orttirilgan bilim va amaliy tajriba kelgusida qo‘shma ekologik loyihalarni amalga oshirish, sohadagi zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda mutaxassislar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA